Shu bilan birga, kitobga kirmagan, ammo e’tibor berishimiz lozim bo‘lgan, quyidagi eng muhim va dolzarb masalalarni ham, biz albatta hisobga olishimiz zarur.
Birinchidan, bugungi kunda mamlakatimiz aholisi 35 millionga yetdi, 2026 yilga borib esa, 38 milliondan oshishi kutilmoqda.
Bu – yurtimiz jahonda aholi soni bo‘yicha 37-o‘ringa chiqib, Polsha, Kanada, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar aholisidan ham oshadi, degani.
Ikkinchidan, aholimizning qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi va har yili mehnat bozoriga kamida 600 ming yoshlar kirib kelmoqda.
Bunday demografik o‘sish biz uchun ham imkoniyat, ham juda katta mas’uliyat demakdir.
Uchinchidan, dunyo miqyosida iqtisodiyotning tarkibi keskin o‘zgarib, raqamli va bio texnologiyalar, sun’iy intellekt kabi sohalar, shiddat bilan hayotga kirib kelmoqda.
Iqtisodiyot rivojini uskunalar emas, balki zamonaviy bilim va innovatsiyalar belgilaydigan zamon keldi.
To‘rtinchidan, iqlimning keskin o‘zgarishi, suv resurslarining kamayib borishi, insoniyat uchun kelajakdagi emas, aynan bugungi kundagi dolzarb muammoga aylandi.
Bu esa dunyo miqyosida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va daromadlariga jiddiy xavf solmoqda.
Beshinchidan, xalqaro maydondagi va mintaqamizdagi ziddiyatlar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm kabi xavf va tahdidlar, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash naqadar muhimligini ko‘rsatmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA