Davlatimiz rahbarining qayd etishicha, qabul qilingan Harakatlar strategiyasi iqtisodiyotimizning barcha sohalarida bozor mexanizmlarini amalda joriy etish hisobidan barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Endi mavjud zaxira va imkoniyatlarni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi turibdi.
Shu tariqa 2030 yilga borib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, O‘zbekistonni “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiritish rejalashtirilgan.
Kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi. Bunga, avvalo, “drayver” sohalarda, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida, sanoat klasteri tizimini rivojlantirish orqali erishiladi.
Misol uchun, mis sanoati klasterini tashkil etish bilan kelgusi besh yilda mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 martaga ko‘payadi hamda 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga asos yaratiladi.
Navoiy, Olmaliq va Bekobod metallurgiya korxonalarida qator yirik loyihalarni amalga oshirish hisobiga, qo‘shimcha 10 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish ta’minlanadi.
Shuningdek, tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Yaqinda “Navoiyazot” korxonasi negizida, Markaziy Osiyoda birinchi yirik kimyo texnologik klasteri tashkil etilgan edi. Kelgusi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yana 5 ta kimyo klasterlari tashkil etiladi va ularda qiymati qariyb 7 milliard dollarlik 40 dan ziyod loyihalar amalga oshiriladi.
Ushbu loyihalar uchun yosh, zamonaviy bilimlarga ega kadrlar va olimlarni tayyorlash maqsadida Toshkentdagi Ulug‘bek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va ta’lim klasteri tashkil etiladi.
O‘zA