Toshkentda Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro sammitda so‘zlagan nutqida Bank faoliyatiga doir qator takliflarni ilgari surdi.

– bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi, yirik migratsion jarayonlar, tabiiy, energetika  va oziq-ovqat resurslarining yetishmovchiligi kabi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda. Bu xavf-xatarlarni samarali yengish uchun  Bankning a’zo mamlakatlari innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish masalalarida  keng qamrovli hamkorlik o‘rnatishi lozim.

Biz Islom taraqqiyot bankining ushbu jarayonlarga   to‘laqonli yetakchilik qilish salohiyatiga ishonamiz. Shundan kelib chiqib, Bankimiz faoliyatini quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, “G‘arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha   – yashil koridor” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz. Ayniqsa, bu pandemiya davrida g‘oyat katta ahamiyatga ega.

Konsepsiyaning ro‘yobga chiqarilishi o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga,  mamlakatlarimizning barqaror o‘sishiga va iqtisodiy jihatdan birlashishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporatsiyasi tomonidan   moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozim.

Bu sa’y-harakatimiz erkin savdoni rag‘batlantirish, investitsiyaviy xatarlarni sug‘urtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.

Uchinchidan,  “post-kovid” davrida a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish juda muhim masaladir.

Jumladan, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamg‘armasining salohiyati va imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish;

– qishloq xo‘jaligiga ilg‘or ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash;

– qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarning   qo‘llanishini kengaytirish asosida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish ayniqsa dolzarbdir.

To‘rtinchidan, mintaqaviy ahamiyatga ega investitsion

va infratuzilma loyihalarini   moliyalashtirishni kengaytirish darkor.

Biz bu bilan mamlakatlarimizning o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlashga erishamiz.

Beshinchidan, yangi yo‘nalishlarni moliyalashtirish maqsadida,

a’zo mamlakatlar tomonidan Islom taraqqiyot banki kapitalini oshirish bo‘yicha avval qabul qilingan qaror ijrosini tezkor ravishda ta’minlashimiz zarur.

Hech shubhasiz, bugungi xalqaro anjumanimiz tarixiy ahamiyatga ega,

va Bank doirasidagi sherikligimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va a’zo mamlakatlar xalqlarining   umumiy farovonligiga   katta hissa qo‘shadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz mehmonlar orasida rasmiy delegatsiyalar bilan bir qatorda ko‘plab biznes doira vakillari qatnashayotganini inobatga olib,   ishtirokchilarni qadimiy Samarqand, Buxoro, Xiva,  Toshkent va Qo‘qonning   turistik salohiyatini kashf etish, savdo, investitsiya va sanoat sohalarida amaliy natijalarga erishishga taklif etdi.

 

O‘zA