– Ma’lumki, O‘zbekiston Islom taraqqiyot bankiga bundan 18 yil avval a’zo bo‘lgan. Ayni vaqtda yurtimizning Islom dunyosi bilan aloqalari ming yildan ziyod tarixga egadir.
Asrlar davomida O‘zbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri bo‘lganidan sizlar albatta xabardorsiz.
Qadimiy O‘zbekiston – ya’ni, Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar yurtidir.
Buxorolik buyuk ulamo – imom Ahmad Ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari, Imom Buxoriy va Imom
At-Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir.
Buxoroi sharif musulmon olamida “Qubbat-ul Islom”, ya’ni “Islom dinining gumbazi” nomi bilan ma’lum va mashhurdir.
“Jorulloh” (“Allohning qo‘shnisi”) degan sharafli nom bilan ulug‘langan Xorazmlik alloma Mahmud Az-Zamahshariy arab tili grammatikasi rivojiga ulkan hissa qo‘shganligi sizlarga yaxshi ma’lum, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari Makkai mukarramadagi “Masjid ul-Haram” yaqinida yashagan bu benazir olimning grammatikaga oid “Al-Mufassal” asari, arabcha-forscha lug‘at kitobi Sharq davlatlari oliygohlarida ko‘p asrlar mobaynida asosiy darslik va qo‘llanma vazifasini bajarganinni ta’kidladi. Yurtimizning Islom dunyosi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi Amir Temur hukmronligi davrida yanada yorqin namoyon bo‘lgani haqida dalillarni keldirdi.
O‘zA