Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.
U yerda jamoatchilik vatanimiz fidoyilari, milliy istiqlol yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish uchun yig‘ildi. Qur’on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.
Mustabid tuzum davrida yurtimiz ozodligi uchun kurashgan 100 mingdan ortiq vatandoshlarimiz qatag‘onga uchragan. Ularning qanchasi “xalq dushmani” degan tuhmat bilan shafqatsiz otib tashlangan. Yana qanchasi surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda bo‘lib, mol-mulklari tortib olingan. Bu mudhish jinoyatdan mushtipar momolarimiz, onalarimiz ham omon qolmagan. Minglab ayollar beva, bolalar yetim qolgan.
Bu nafaqat ularning avlodlari, balki butun xalqimiz yuragidagi og‘riqdir. Shu bois oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, barchamiz o‘sha mudhish davrni iztirob bilan eslaymiz.
2001 yildan buyon 31 avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Vatan fidoyilarining hayoti va merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu yil Shahidlar xotirasi xiyobonida bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi.
Davlatimiz rahbari ushbu muzeyni kirib ko‘rdi. U yerda yaratilgan sharoitlar, tarixiy hujjatlar bilan tanishdi.
– Ko‘rinib turibdiki, katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar qatag‘on qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi – buyuk bo‘lgani, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Afsuski, shu paytgacha qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati shakllantirilmagan edi. 2020 yil 8 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.
Tarixchi olimlar jalb etilib, zulm qurboni bo‘lgan barcha insonlarni aniqlash va nomlarini tiklash bo‘yicha katta ishlar boshlandi. Chet ellardagi arxiv va muzeylar, kutubxona va fondlar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlarning arxivlaridan yangi-yangi ma’lumotlar topilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan muzeylar tashkil etildi. Ularda rasmiy materiallar bilan birga oilaviy arxivlarda saqlanib qolgan ko‘plab tarixiy hujjatlar, noyob suratlar to‘planmoqda. Qatag‘on qurbonlarining nomlari, ularning hayoti va faoliyati viloyatlar, tumanlar kesimida aniqlanmoqda. Bu ma’lumotlar asosida ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobi nashrga tayyorlanayapti.
Prezidentimiz bunday katta, ilmiy asarlar bilan birga maktab o‘quvchilari uchun sodda tilda, kichik-kichik kitoblar chiqarish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga Tarix institutining ilmiy xodimlarini biriktirib, har bir hududdagi jadid bobolarimiz, qatag‘on qurbonlari nomini tiklab borish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Davlatimiz rahbari tarixni o‘rganish va o‘rgatish vazifalari haqida gapirdi.
– Biz shu vaqtgacha tarixning o‘zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o‘tdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, g‘ururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi – hammasini haqqoniy yozish kerak, – deya ta’kidladi Prezident.
Haqiqatni tiklash borasidagi yana bir qadam – shu yil 25 avgust kuni O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 115 nafar qatag‘on qurboni oqlandi. Prezidentimiz bu qarorni olqishladi.
– Oradan qariyb yuz yil o‘tib adolat qaror topdi. Milliy istiqlolimiz uchun kurash olib borgan, lekin reabilitatsiya qilinmay qolgan 115 nafar bobomizning pok nomlari oqlandi. Hali bundaylar qancha? Vatanparvar insonlarning sha’nini tiklashga qaratilgan ezgu ishlarni davom ettirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ajdodlar xotirasi, bugungi mustaqillik va tinchlik qadri haqida gapirdi.
– Jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bag‘ishlagan. Buning badalini o‘z jonlari bilan to‘lagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, e’zozlashimiz ham qarz, ham farz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Dunyoda bo‘layotgan voqealarga ogoh ko‘z bilan qarash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish muhimligi ta’kidlandi.
– Hamma natijalar, mana shunday bayramlarimiz tinchlik tufayli. Ishlarimiz, ibodatlarimiz tagida ilm-ma’rifat bo‘lishi kerak. Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etdik. Buyuk muhaddis va islom dini ulamolarimiz asarlari nashr etilmoqda. Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun shu masalalarga qaratilgan. Imom-xatiblar, diniy jamoatchilik ma’naviyatni yuksaltirish, mehr-oqibatni mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berishga bundan buyon hissa qo‘shadilar, deb ishonaman, – dedi Prezident.
Allohdan o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.