Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish, savdo, sanoat kabi ko‘plab sohalarda amalga oshirilayotgan ushbu bunyodkorlik ishlari zamon talabidan kelib chiqib boshlangan, davlatimiz rahbari ularning aksariyatini borib ko‘rgan.
Xususan, Prezidentimiz o‘tgan yili 16 oktyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi va Temurbeklar maktabining qurilishini ko‘zdan kechirgan edi. Bugunga kelib, u qurib bitkazilgan. Akademiyaning mavjud binolari rekonstruksiya qilingan. Maktab uchun o‘quv korpusi, jismoniy-harbiy mashg‘ulotlar maydoni, stadion, avtodrom, yotoqxona, oshxona barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari 2020 yil 31 yanvar kuni Geologiya fanlari universiteti qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi. Shundan buyon bu yerda juda katta hajmdagi ishlar bajarildi. 6 ta ko‘p qavatli imorat barpo etilib, 4 tasi rekonstruksiya qilindi. Ayni paytda bunyodkorlik ishlari yakunlanish arafasida. Bu yerda universitet bilan birga sohaga taalluqli ilmiy institutlar joylashtiriladi, Geologiya muzeyi, kutubxona, yotoqxona va boshqa binolar bo‘ladi.
Yunusobod tumanida Toshkent Arxitektura-qurilish instituti uchun yangi bino qurilmoqda. 5 qavatli ikkita o‘quv majmuasi, 8 qavatli ma’muriy bino va 4 qavatli yotoqxona qad ko‘tarmoqda. Ularni shu yil oktyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihaning ikkinchi bosqichida institut o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari va ularning oilalari uchun ijtimoiy ob’ektlar barpo etiladi.
Ta’lim sohasidagi ulkan loyihalardan biri bu “Yangi O‘zbekiston” universiteti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23 iyundagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur ta’lim maskani joriy o‘quv yilining o‘zidayoq ilk talabalarni qabul qildi. Shu bois, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ayrim binolari ajratilib, zamonaviy ta’mirlandi.
Kelgusida “Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun zamonaviy o‘quv kampusi bunyod etiladi. Bu borada xalqaro standartlar asosida loyiha ishlab chiqilib, dastlabki ishlar boshlab yuborilgan.
Prezidentimiz 2019 yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga tashrifi chog‘ida ushbu maktab yonida IT-park filialini tashkil etish, unga yoshlarni jalb qilib, tajriba oshirishi uchun keng sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Hozirda ushbu bino qurib bitkazilib, zamonaviy jihozlanmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo‘limlari uchun yangi bino qurilmoqda. Buning natijasida mazkur murakkab amaliyotlar uchun zamonaviy sharoit yaratiladi, yiliga qo‘shimcha 3 ming bemorga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Ushbu yangi majmua qurilishi shu yil sentyabrda yakunlanadi.
Mudofaa vazirligining avvalgi klinik gospitali o‘tgan asrning qirqinchi yillarida qurilgan, eskicha tartibda ishlab kelayotgan edi. Davlatimiz rahbari 2018 yilda u yerga borib, shifoxonani rekonstruksiya qilish va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, boshqaruvda zamonaviy menejmentni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shu asosida katta hajmdagi qurilish va ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Markaziy harbiy klinik gospital shu yil dekabrdan yangilangan binoda faoliyat boshlaydi.
“Xavfsiz shahar” boshqaruv situatsion markazi, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, sanoat korxonalari, yo‘l va ko‘priklar qurilishining borishi bo‘yicha ham ma’lumot berildi.