O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish, order berish mexanizmini takomillashtirish va to‘liq raqamlashtirish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab mazkur qarorga 1-ilovada ro‘yxati keltirilgan davlat tibbiyot muassasalarida (keyingi o‘rinlarda – ixtisoslashtirilgan muassasalar) Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinadi va moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – axborot tizimi) joriy etiladi.
Belgilansinki, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga davolanishga yo‘llashda:
kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari tatbiq etiladi;
kam ta’minlangan oilalarga mansub shaxslar toifasiga kiruvchi fuqarolar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanadi;
bemorlarga o‘zlarining so‘rovlari, murojaatlari hamda navbati haqidagi axborotni real vaqt rejimida olish imkoniyati ta’minlanadi;
bemorlarga, ularning kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishlarini ta’minlaydigan, tibbiy xizmatning qiymati ko‘rsatilgan hamda matritsali shtrix kod (QR-kod)ga ega bo‘lgan yo‘llanma (keyingi o‘rinlarda – yo‘llanma) beriladi;
yo‘llanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi
va davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmatlar olish huquqini beradi;
bemor davolanganidan so‘ng Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi davolagan muassasaga bazaviy narxlar doirasida bemorga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablag‘ni Davlat byudjeti hisobidan o‘tkazib beradi;
b) quyidagilar:
2021 yil 1 noyabrdan boshlab respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya;
2022 yil 1 yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat berilsin.
Belgilansinki:
imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmat ko‘rsatadigan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnomasi mavjud davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarini o‘z xohishiga ko‘ra erkin tanlash huquqiga ega bo‘ladi;
imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuziladigan shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib, amalga oshiriladi;
v) amaldagi order berish tartibiga asosan rasmiylashtirilgan orderlardan 2022 yilning 1 yanvariga qadar foydalanish mumkin;
g) 2022 yil 1 yanvardan boshlab mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq davlat tibbiyot muassasalarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi joriy etiladi.
2. Belgilab qo‘yilsinki, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash hamda ularning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini, ajratilgan mablag‘lar samaradorligi va natijadorligini nazorat qilish Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga qo‘shimcha 8 ta shtat birligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 apreldagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida”gi PQ–5053-son qaroriga muvofiq maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobidan ajratilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi tashkilotlari xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni hamda Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining 14 ta bosh mutaxassisi lavozimlari kiritilsin va ular sog‘liqni saqlash hududiy boshqaruv organlarida joylashtirilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov rahbarligida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash va moliyalashtirish bilan bog‘liq huquqiy, moliyaviy va boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilsin va u mazkur yo‘nalishda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi faoliyatiga ko‘maklashib borsin.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Kuzatuv kengashiga (L.To‘ychiyev), zarur hollarda, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish mexanizmi joriy etilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (F.Sharipov) bilan birgalikda 2021 yil 15 sentyabrga qadar ixtisoslashtirilgan muassasalarni shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib moliyalashtirish tartibini tasdiqlasin.
Moliya vazirligi (J.Abruyev) imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘larining 2021 yil 1 oktyabr holatiga qoldiq qismini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga o‘tkazib berilishini ta’minlasin.
5. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev):
a) bir oy muddatda:
Moliya vazirligi bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolanadigan kasalliklar ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishgan holda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tasdiqlangan standartlarga muvofiq tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlarini shakllantirsin va ularning yangilanib borilishini ta’minlasin;
b) 2021 yil yakuniga qadar dalillarga asoslangan tibbiyotga muvofiq zamonaviy davolash-diagnostika uslub va texnologiyalarni kiritgan holda klinik protokollarni, diagnostika hamda kasalliklarni davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqsin
va tasdiqlanishini ta’minlasin.
Bunda, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlarni yangilash bo‘yicha reja-grafikni respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari kesimida tasdiqlasin va ushbu standartlar Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilib borilishini ta’minlasin.
6. Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimiga integratsiya qilinadigan ma’lumotlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov) 2021 yil 1 oktyabrga qadar:
a) sog‘liqni saqlash sohasi uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan axborot tizimini ishlab chiqsin;
b) Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni axborot tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlasin.
7. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida yangi bino-inshootlar kompleksi (keyingi o‘rinlarda – kompleks) barpo etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki:
kompleksning quvvati kamida 650 ta statsionar va 100 ta kunduzgi statsionar o‘rinlardan iborat bo‘ladi va 2023 yilning 1 apreliga qadar foydalanishga topshiriladi;
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kompleks foydalanishga topshirilgandan keyin unga ushbu markazning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallarini qo‘shib olish yo‘li bilan qayta tashkil etiladi.
Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev), Qurilish vazirligi (B.Zakirov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) Koreya Respublikasi tajribasini hamda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashni hisobga olgan holda kompleksni qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, 2021 yilning yakuniga qadar qurilish ishlarini boshlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 maydagi PQ–5130-son qarori bilan tashkil etilgan Respublika gematologiya, onkologiya va radiologiya markazlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi (B.Musayev)ga:
a) belgilangan muddatlarda kompleksni foydalanishga topshirish, sohadagi ilg‘or xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasidan kelib chiqqan holda uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bu borada tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnik va boshqa masalalarni o‘z vaqtida hal qilish;
b) Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun:
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy tibbiy ta’lim muassasalari magistraturasi va klinik ordinaturasida tor soha mutaxassislarini tayyorlash;
Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi tomonidan o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish;
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev), Tashqi ishlar vazirligi (A.Kamilov), O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi (V.Fen) bilan birgalikda Koreya Respublikasining yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari bilan hamkorlikda onkologiya, gematologiya, radiologiya, klinik immunologiya, yuqori texnologik transfuziologiya, laboratoriya va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkillashtirish vazifalari yuklatilsin.
9. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining 2021 yil 1 avgustdan boshlab onkologiya, onkogematologiya va gematologiya muassasalarining palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari shifokorlari, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun o‘ta xavfli sharoitlari uchun 25 foiz miqdorida har oylik ustama haq to‘lash haqidagi taklifi ma’qullansin.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (E.Basitxanova) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich:
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 ta tug‘uruq bo‘limlari negizida 4-ilovaga muvofiq tumanlararo perinatal markazlarni amaldagi shtatlar doirasida tashkil etish;
onalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va bolalar uchun hududlarda samarali perinatal, neonatal va pediatrik xizmatlarni olish imkoniyatini yaratish;
mintaqaviy perinatal markazlarni takomillashtirish va 3-darajali akusherlik muassasalarini belgilangan talablarga muvofiq jihozlash choralarini ko‘rsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev) bilan birgalikda 2021 yil 1 noyabrga qadar xalqaro moliya tashkilotlarining kredit mablag‘larini maqbullashtirish hisobiga respublikadagi tug‘uruqqa yordam beruvchi muassasalarni zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash uchun xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazsin.
11. Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev):
a) 2021 yil 1 sentyabrga qadar:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy organlarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga respublika miqyosida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, ularning murojaatlarini qabul qilish, maslahat berish va axborot taqdim etishga mo‘ljallangan yagona qisqa raqamli bepul “tezkor aloqa”ni yo‘lga qo‘ysin;
oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari binolarida, Sog‘liqni saqlash vazirligi va ixtisoslashtirilgan muassasalarning rasmiy veb-saytlarida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning hajmlari, ixtisoslashtirilgan bepul tibbiy yordamni ko‘rsatish shartlari va tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish hamda targ‘ibot materiallarini tarqatish choralarini ko‘rsin;
b) 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan muassasalarning rasmiy veb-saytlarida bo‘limlar kesimida mavjud o‘rinlar soni, shu jumladan, bo‘sh o‘rinlar soni, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar turlari va narxlari joylashtirilishini va muntazam yangilanib borilishini ta’minlasin;
v) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda ixtisoslashtirilgan muassasalarda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash bo‘yicha joriy etilayotgan mexanizmlarning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy veb-saytlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, press-klub muhokamalarini tashkil etish orqali tezkor yetkazilishi, tushuntirilishi va keng yoritilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
14. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev, uning o‘rinbosarlari A.Sh.Inoyatov, A.A.Azizov, U.Yu.Sobirov, E.I.Basitxanova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qarorning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A.Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 28 iyul