Nukus shahridagi Amfiteatrda qo‘l jangi bo‘yicha professional sportchilar o‘rtasidagi “World total kombat Federation” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Turnirda yurtimiz sportchilari bilan birga Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon hamda Kamerundan kelgan qo‘l jangi ustalari g‘oliblik uchun bahslashdi. Dastlab turnirning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Marosimda so‘zga chiqqanlar yurtimizda Prezidentimiz tomonidan sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom insonlar qilib voyaga yetkazish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi va ishtirokchilarga omad tiladi.
Turnirning dastlabki bellashuvi 65 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasida bo‘ldi. Unda hamyurtimiz, ikki karra O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar sovrindori Nurpeys Qarlibayev ozarbayjonlik sportchi, xalqaro turnirlar va jahon chempionati sovrindori Ruslan Mamedovni yengdi. Shuningdek, turnirda 65 kilogramm vazn toifasida jahon chempioni, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Maftuna Quvondikova rossiyalik Diana Saadullayeva ustidan irodali g‘alabaga erishdi.
Bundan tashqari 65 kilogramm vazn toifasida Ichki ishlar vazirligi xodimi, jahon chempioni Shaxboz Tursunov rossiyalik sportchi Arsen Mutachayevni, 70 kilogramm vazn toifasida jahon chempioni hamyurtimiz Olim Normurodov ukrainalik Yevgeniya Mkrtchan ustidan g‘alaba qozondi.
Vazni 75 kilogramm bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bahs turnirning eng chiroyli janglaridan biri bӯldi. Unda qo‘l jangi bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, xalqaro turnirlar sovrindori qoraqalpog‘istonlik Sherzod Jumanazarov kamerunlik sportchi Rushiye Shanelni muddatidan avval yengishga muvaffaq bӯldi. Mazkur vazn toifasidagi titul jangida esa qo‘l jangi bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Jahongir Jumayev belaruslik Artyom Buloichukni nokautga uchratdi.
Sportchilarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov tabriklab, ularga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA