Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jurnalistika ta’lim yo‘nalishi to‘rtinchi kurs talabalari uchun Nukus shahridagi “Nukus polimer”, “Panamilk”, “Samsung-Nukus” korxonalariga hamda Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan respublika oliy sport mahorati maktabiga press-tur tashkillashtirildi.

Press-turning birinchi manzili tabiiy gazni qayta ishlash texnologiyasi asosida polimer mahsulotlarini ishlab chiqaradigan Markaziy Osiyodagi eng katta ishlab chiqarish o‘rni – “Nukus polimer” korxonasi bo‘ldi.

Hududi 1,88 gektar maydonga ega bo‘lgan ushbu korxona o‘zining birinchi mahsulotini 2017-yilning 24-iyul kuni chiqargan edi. Yiliga 8000 tonna polietilen ishlab chiqaruvchi korxonada 16 millimetrdan 630 millimetrgacha diametrdagi gaz va suv quvurlari hamda qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mazkur korxonada 100 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Ularning 70 foizi yoshlardan iborat.

Xitoydan olib kelingan texnologiyalar bilan jihozlangan korxona jahon talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

Kelgusi yili korxona mahsulotlarini qo‘shni Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Afg‘oniston davlatlariga eksport qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, 2018-yilning may-iyun oylarida xalta, polietilen paketlar ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Gaz va suvga mo‘ljallangan yuqori sifatdagi quvurlar ishlab chiqaruvchi bu korxonaning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, bu yerda chiqindilarga ikkinchi marta hayot beriladi, ya’ni mahsulot ishlab chiqarish jarayonida yaroqsiz deb hisoblangan chiqindilar qayta ishlanib, maxsus uskunalarda maydalanadi va tayyor xomashyoga aylantiriladi. Demak, korxonada xech qanday yaroqsiz chiqindi chiqmaydi. Bu, ekologiya, atrof-muxitni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Ajimurotov, 
 
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jurnalistika ta’lim yo‘nalishi talabasi.
 
Qoraqalpog‘iston axborot agentligidan O‘zA uchun maxsus