Yangi yil kechasi farzandlaringiz «Qorbobo qachon keladi?», «Nega biznikiga Qorbobo kelmayapti?» kabi savollar bilan hol-joningizga qo‘ymaydi. Siz ham bu kuni ularni xafa qilishni istamaysiz. Nima qilishni bilmay turganingizda birdan eshik taqillab, hassasini to‘qillatib Qorbobo, uning ortidan bir nechta hamrohlari tashrif buyuradi…
– O‘tgan yili Yangi yil kechasi uyimizga Qorbobo kelgan edi, – deydi qashqadaryolik tanishim. – Bir o‘g‘il bola ayollar va erkaklar kiyimini aralashtirib kiyib olgan (ochig‘i, juda kulgili ahvolda edi). Qorboboning aytishicha, bu uning Qorqizi ekan. Ularning naq o‘nta hamrohi bor edi. Birpasda uyimiz to‘lib-toshdi. Qorboboni intiqib kutayotgan bolalarim ulardan hayiqib, o‘zlarini chetga ola boshladi. Qizlarim ham hayrat, ham qo‘rquv aralash ularga termulib turardi. Mehmonlarga qo‘ldan kelgancha lutf ko‘rsatdik. Qorbobo ham soqolini sekingina ko‘tarib, qo‘lidagi aroq to‘la ryumkani Qorqizi bilan urishtirib ichar, gap orasida yo‘g‘on ovozda «Bolalarim…», «Qani oldik, Qorqizim…» deb qo‘yardi. Ko‘p o‘tmay, hatto uning Qorbobo ekanligi yodidan chiqdi-qoldi. Xalal berdi shekilli yoki kayfi oshib qoldimi, xullas, soch-soqolini yulib otib yubordi…
Psixologiya va farzand tarbiyasiga oid kitoblardan birida agar Qorbobo xizmatidan foydalanmoqchi bo‘linsa, jajji bolakaylarni uning tashrifiga tayyorlash kerakligi haqida o‘qiganman. Kichkintoyga Qorbobo kimligi va uni bolalar qanchalar yaxshi ko‘rishini tushuntirish kerak ekan. Negaki, bolakaylar Qorbobo kelganda nima bo‘lishini bilishlari muhim. Aks holda qo‘rqib ketishlari mumkin ekan.
– Birgina bu emas, biznikida bundan ham battari bo‘lgan, – deydi yana bir tanishim. Aytishicha, Qorbobo uning uyidagi qimmatbaho buyumlarni o‘marib ketgan ekan…
Qiziq. Qorbobo hammamizning, ayniqsa, bolajonlar tasavvurida, yaxshilik, ezgulik timsoli. Uning sehri bilan ota-onasining aytganini bajaradigan, darslarini vaqtida tayyorlaydigan o‘g‘il-qizlarning niyatlari ijobat bo‘ladi-ku! Ammo bu kabi quloqqa chalinadigan Qorbobolarning zamonaviy sarguzashtlari chegaradan chiqib ketmaganmikin? Burni qizil Qorbobolar farzandlar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmayaptimi? Afsuski, kattalar tomonidan aytilgan ertaklardagi Qorbobo bilan ko‘cha-ko‘ydagi Qorbobolar mutlaqo bir-biriga zid bo‘lgan hollar ham yo‘q emas ekan. Agarda uyingizga yuqoridagi singari «zamonaviy» Qorbobo kirib kelsa bormi, siz farzandlaringiz oldida yolg‘onchiga chiqib qolishingiz ham hech gap emas. Axir, sizning ertaklaringiz boshqacha edi-ku…
Yana bir jihat: Qorbobo qiyofasidagi insonning kimligini bilmaysiz. Gohida ayrim kimsalar bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalangani ham, afsuski, haqiqat.
Poytaxtimizda o‘ndan ortiq maydonda archa bezatilgan. Markaziy sahnalarda 27 dekabrdan boshlab konsert dasturlari namoyish etilmoqda. O‘tgan yillari kuzatgan bo‘lsangiz, archa atrofida Qorbobo, Qorqiz va turli ertak qahramonlari bisyor.
Mutasaddi tashkilot vakillaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, endilikda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ruxsat etilmagan «Qorbobo», «Qorqiz» hamda turli «ertak qahramon»larining faoliyat olib borishi mumkin emas ekan. Nafaqat mazkur maydonlar, balki yurtimizning barcha hududlarida litsenziyaga ega bo‘lgan shaxslarnigina Yangi yil qahramonlari kiyimida yurishiga ruxsat etiladi.