Bolalarga quvonch ulashadigan bayramlar orasida an’anaviy “Prezident archasi” shodiyonasining alohida o‘rni bor. Unda mehr o‘zgacha, saxovat hukmron. Bu Buxoro viloyati musiqali drama teatrida o‘tkazilgan Yangi yil bayrami tadbirida yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Bayramga 32-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, yetim bolalar va xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning farzandlari bo‘lgan 226 nafar o‘g‘il-qiz taklif etildi.
Mamlakatimizda yoshlarning barkamol voyaga yetishi, zamonaviy bilim olishi va hayotda munosib o‘rin topishiga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi. Viloyat hokimi O‘.Barnoyev bolajonlarni bayram bilan qutlab, ularga o‘quv qurollari va shirinliklardan iborat “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi.
– Davlatimiz tomonidan bizning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishimiz, hamma qatori hayot kechirishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi 32-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, 9-sinf o‘quvchisi Nigina Asadova. – Tengdoshlarimiz qatori umumta’lim maktabida ta’lim olamiz, darsdan so‘ng turli to‘garak yo sport mashg‘ulotlarida qatnashamiz. Bo‘sh vaqtimizni har tomonlama mazmunli o‘tkazishimiz uchun imkoniyatlar keng.
Buxoro shahridagi tegishli ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalaridagi 317 nafar o‘g‘il-qizga ham “Prezident sovg‘asi” topshirildi.