247 profilaktika inspektori qasamyod qildi

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov va boshqalar mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari aholining tinch-osoyishta hayotini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarib, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joylarda profilaktika inspektorlariga barcha sharoitlarga ega xizmat uyi, yengil avtomashina topshirilmoqda.

Tadbirda 247 nafar profilaktika inspektori o‘ziga biriktirilgan hududda fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashga tantanali qasamyod qildi. Ularga zamonaviy xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashina kaliti topshirildi.

Nukus shahrining 7-Shoirlar ovuli mahallasi profilaktika inspektori Quat Aytboyev ham zamonaviy xizmat uyi va avtomashinaga ega bo‘ldi. U hududdagi 4 ming 900 aholi tinchligi va osoyishtaligiga mas’ul. Mahalladagi 42 kam ta’minlangan oila, 1 ming 725 nafar voyaga yetmagan yoshlar doimiy uning nazoratida. Ikkita umumta’lim maktabi, bitta bolalar bog‘chasi, ikkita umumiy ovqatlanish shoxobchasi, uch do‘kon, va ikki internet kafe faoliyati ham uning e’tiboridan chetda qolmaydi.

– Mahalla faollari, mehnat faxriylari, maslahatchilar bilan hamkorlikda har bir oila bilan olib borilayotgan suhbatlar yaxshi samara berayotir, – deydi Q.Aytboyev. – O‘z hududimizda zamonaviy xizmat uyi va yengil avtomashinaga ega bo‘lganimiz faoliyatimiz samaradorligini oshirib, turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA