O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov tomorqa yer egalarining faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, hal qilishda amaliy yordam berish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida bo‘ldi.
Yerdan unumli va oqilona foydalanish dehqonchilikda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z ishining ustasi bo‘lgan dehqon borki, albatta, buning samarasini yaxshi biladi. Yerni bo‘sh qoldirmaslik, mavsumiy, iqlim sharoitiga mos ekinlarni ekib, takroriy hosil olish harakatida bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Bo‘zatov va Nukus tumanlarida joriy yilda tomorqachilik klasteri tashkil qilinmoqda. Ular 12 turdagi yo‘nalish bo‘yicha aholiga xizmat qiladi. Issiqxonada ko‘chat yetishtirib berish, ko‘chatlarning navi va sifatiga javob beradi, ularni ekib, agrotexnik tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Tumandagi “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘ini hududida «To‘remurat best tomorqa xizmati klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda samarali faoliyat olib bormoqda.
Spiker o‘rinbosari dastlab ushbu jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ayni paytda tomorqa xizmati klasteriga tegishli bo‘lgan yerlarning 36 gektari bog‘dorchilikka, 80 gektari sabzavot ekinlari va 3 gektari issiqxonaga ixtisoslashtirilgan. Issiqxonada asosan pomidor, bodring, rediska, ismaloq yetishtirilmoqda.
– Bizga O‘zbekiston Respublikasi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan 3 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i ajratilib, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha ish olib boramiz, – deydi “To‘remurat best tomorqa xizmati klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alisher Murtazayev. – Jamiyatimiz qoshidagi muzlatkichlarning umumiy sig‘imi 710 tonna bo‘lib, ularda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlanib kelinmoqda. Mahsulotlarimiz esa qo‘shni Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda.
Ta’kidlash joiz, bugungi tomorqachi chin ma’noda ham mirishkor ham tadbirkor hisoblanadi. Chunki, u o‘zi yetishtirgan mahsulotlarini bozorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib chiqib sotish imkoniyatiga ega.
Spiker o‘rinbosari Aktam Xaitov tomorqa xizmati klaster faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, tuman hududidagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga klaster qoshidagi issiqxonalarda ko‘rgazmali seminarlar tashkil qilish, ularni tomorqachilikka qiziqtirish orqali daromad topishga o‘rgatish, kredit hisobidan issiqxonalar qurib berish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA