Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan noyob qush – 2000 bosh yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi
Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda “Falcon Hunting Solutions” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Uyushmasi Qizil kitobiga kiritilgan va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan noyob qushni saqlab qolish maqsadida amalga oshirildi. Ushbu qushlar Birlashgan Arab Amirliklariga qarashli bo‘lgan “International fund for houbara conservation” markazida ko‘paytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, yo‘rg‘a tuvaloqlar 2009 yilda O‘zbekiston Qizil kitobiga noyob tur sifatida kiritilgan. Ular Qizilqum cho‘llarida yashaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha soni va yashash maydoni 1960 yillardan boshlab qisqarishni boshlagan.
Dovud Abibullayev, O‘zA