23 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norbayeva olib bordi.
Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “O’zReport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.
Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisida Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi senatorlar hududlardagi dolzarb muammolar, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, xususiy va oilaviy bog‘chalarga qo‘shimcha imtiyozlar berish orqali qamrov darajasini oshirish, Respublika yo‘l jamg‘armasining faoliyatini o‘rganish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati va samaradorligini oshirish, QVP va markaziy poliklinikalar tizimini raqamlashtirish kabi masalalarni ko‘targan edi.
Oliy Majlis yuqori palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari hamda mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalariga mazkur muammolarni tizimli o‘rganish topshirilgandi. Mazkur masala bo‘yicha Senatning tegishli qo‘mitalari raislarining axborotlari eshitildi.
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibidagi birinchi masala – 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021 yilning birinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yildagi Davlat dasturi 273 ta banddan iborat bo‘lib, uning ijrosi doirasida umumiy qiymati 29,5 trillion so‘m, 2,6 milliard dollar hamda 57,5 million yevroga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Birinchi chorakda ijrosi ta’minlanishi belgilangan 41 ta topshiriqning 32 tasi to‘liq bajarilgan.
Hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Dasturda ijro muddati kelmagan 15 ta banddagi vazifalar bajarilishi ta’minlangan.
Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 103,0 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 46,7 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 102,8 foizga o‘sgan. Davlat byudjeti ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 18,2 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foizga oshgan.
Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollar, shundan 818 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya bo‘lgan 453 ta loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida 35 897 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
Har bir tuman (shahar)da “Yoshlar dasturlari” ijrosi tizimli yo‘lga qo‘yilib, 271 ming 495 nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta’minlangan. 62 ming 441 nafar yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan hamda 27 ming 236 nafar yoshlar “1+1” loyihasi asosida tadbirkor va usta-hunarmandlarga biriktirilgan.
Yangi tashkil qilingan “Yoshlar jamg‘armalari” mablag‘laridan 17 milliard 504 million so‘m mablag‘ sarflanib, “Yoshlar daftari”ga kirgan 24 ming 904 nafardan ortiq yoshlarning muammolari hal etilishiga ko‘maklashilgan.
Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida 660 ming doza AstraZeneca va 1 million doza ZF-UZ-VAK 2001 vaksinasi olib kelingan. Emlash ishlarini amalga oshirish uchun respublikada 3 138 ta punkt va 862 ta harakatdagi brigada tashkil etilgan.
Majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlandi.
Xususan, Dasturda ijrosi I chorakda ta’minlanishi belgilangan ba’zi topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmagan. Jumladan, Davlat dasturining 145-bandida 1 martga qadar aholining minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish vazifasi qayd etilgan bo‘lib, mazkur band ijrosi yuzasidan me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.
Dasturning 120-bandida 20 martga qadar qishloq xo‘jaligida yer munosabatlari bo‘yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, yerlarni bozor aktivlariga aylantirish hamda yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi belgilangan. Biroq mazkur topshiriq bajarilmagan.
Shuningdek, ayrim hujjatlar loyihalari ijrochilar tomonidan o‘z vaqtida ishlab chiqilmaganligi hududlarda shu yo‘nalishdagi islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham ta’kidlandi.
Qizg‘in savol-javoblar asosida o‘tgan Davlat dasturi ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Dasturning 38-bandidagi Inflyatsiyaviy targetlash doirasida 2021 yilda inflyatsiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik hamda narx-navo barqarorligi, Dasturning 43-bandidagi davlat qarzi bo‘yicha ma’lumotlarning yanada ochiqligini ta’minlash vazifasining bajarilish holati, Dasturning 120-bandidagi Qishloq xo‘jaligida yer munosabatlari bo‘yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish, Dasturning 261-bandidagi xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston mehnat migrantlariga xizmat ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish tizimini tubdan rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar kabi masalalar yuzasidan mutasaddilar javoblari eshitildi.
Muhokamalar so‘nggida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura organlarining 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini, shu jumladan, muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini saqlashga doir qonunlar ijrosi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish masalalariga qaratilgan muayyan ishlar olib borilganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan prokuratura organlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari bilan bir qatorda faoliyatning ayrim yo‘nalishlarida nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Jumladan, mamlakatimizda reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashdagi kamchiliklar oqibatida o‘tgan yilga nisbatan go‘daklar o‘limi 428 taga (6 432-6 860), onalar o‘limi 10 taga (145-155) oshgan.
Og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda kamchiliklar mavjud.
Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf etish bo‘yicha kamchiliklarga barham berilmagan.
Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan jami 62 081 ta jinoyatning 41 087 tasi yoki 66 foizining oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi.
Respublika bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 9 790 nafar shaxsdan 6 761 nafari yoki 75 foizi ushlanmagan.
Bundan tashqari, prokuratura organlari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fuqarolardan Senatga kelib tushayotgan murojaatlar soni ham yuqoriligicha qolmoqda.
Bu holatlar ushbu yo‘nalishda nazoratni yanada kuchaytirishni, aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga nisbatan qat’iy va ta’sirchan choralar ko‘rishni taqozo etadi.
Muhokamada senatorlar tomonidan sektorlarda ishlarni “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yangi mexanizmlar asosida tashkil etilishi hamda yuritilayotgan hisobotlarning haqqoniyligini doimiy tahlil qilib, mavjud qonunbuzilishlarni bartaraf qilish, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyasi hamda bandligini ta’minlash, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida ishsiz yoshlarni tadbirkorlarga biriktirish, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, muammo, taklif va istaklarini “mahallabay” o‘rganish va kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, barcha mahalla va tuman (shahar)larni “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratgan holda, ularda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalari bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Hisob palatasi 2020 yildagi faoliyatini koronavirus pandemiyasi tufayli qo‘llanilgan karantin choralariga qaramasdan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat hamda Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosiga, pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish borasidagi dolzarb vazifalar ijrosini nazorat qilishga qaratgan.
2020 yilda yuklatilgan vazifalar doirasida Hisob palatasi tomonidan 87 ta nazorat tadbiri va tematik tahliliy o‘rganishlar amalga oshirilgan.
Natijada Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari hisobidan ajratilgan mablag‘lar sarflanishi yuzasidan 2020 yilda 671,3 milliard so‘mlik noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishlar hamda samarasiz xarajatlar, 1 trillion so‘mdan ortiq xarajatlarni optimallashtirish imkoniyatlari aniqlangan.
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘laridan 23,8 milliard so‘mlik kamomad va noqonuniy xarajatlar aniqlanib, ortiqcha moliyalashtirilgan 8,4 milliard so‘m mablag‘lar jamg‘armaga qaytarilgan va 2,6 milliard so‘mlik ortiqcha va asossiz to‘lovlarning oldi olingan.
Davlat ulushiga ega 2 232 ta korxona tomonidan dividendlarning to‘liq byudjetga to‘lanishi tahlil qilinib, 4,8 trillion so‘mlik dividendlarning byudjetga o‘tkazib berilishi ta’minlangan.
Davlat tashqi qarz mablag‘larini jalb qilgan holda 2010-2019 yillarda yakunlangan umumiy qiymati 12,6 milliard dollarlik 81 ta loyihaning 24 tasida xato va kamchiliklar aniqlangan.
Davlat rahbarining 796 ta hujjatidagi 15 518 ta topshiriqlari ijrosi nazoratga olingan.
Aniqlangan holatlarni bartaraf etish va takrorlamaslik yuzasidan 10 ta yo‘nalishda 28 ta takliflar ishlab chiqilgan.
Hisob palatasi o‘z faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga amal qilib moliyaviy huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida 40 dan ortiq materiallar rasmiy veb-sayt, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritgan.
Shu bilan birga, senatorlar Hisob palatasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari natijalariga qaramasdan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari mablag‘larining sarflanishida noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishga yo‘l qo‘yish kabi salbiy holatlar soni yildan-yilga ortib borayotganini ham qayd etdi.
Bu esa Hisob palatasining Qonunda belgilangan vazifalari ijrosini ta’minlashda ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalangan holda faoliyatini kuchaytirishni ham talab etishi ta’kidlandi.
Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, hisobot yilida Markaziy bank tomonidan asosiy e’tibor ichki narxlar o‘sishini sekinlashtirish orqali aholining xarid qobiliyatini saqlab qolish hamda koronavirus pandemiyasi tadbirkorlik sub’ektlari va banklarning moliyaviy holatiga salbiy ta’sirini yumshatish hisobiga iqtisodiyotda muvozanatlashgan moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Qolaversa, tijorat banklariga zarur bo‘lgan moliyaviy resurslarni taqdim etish orqali bank va to‘lov tizimlarining barqaror faoliyat yuritishi ta’minlanmoqda.
2020 yilda Markaziy bank asosiy stavkasining 2 marotaba 1 foiz banddan (yillik 16 foizdan 14 foizgacha) pasaytirilishi hamda maqbul foiz stavkalari mexanizmining kiritilishi iqtisodiyotdagi pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatib, karantin cheklovlari yumshatilgandan keyingi davrda inflyatsiya darajasiga xavf tug‘dirmagan holda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida so‘nggi 3 yil davomida jami 15,7 trillion so‘mdan ko‘p imtiyozli kreditlar ajratildi va bu orqali 633 mingdan ziyod oilalar tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, daromad topishga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanishiga zamin yaratilgan.
Moliyaviy qiyinchilikka uchragan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yilning mart-dekabr oylarida banklar tomonidan 59 235 ta korxona aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 26,8 trillion so‘mlik revolver kreditlar ajratilgan.
Pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kredit to‘lovlari muddatining uzaytirilishi natijasida bank tizimida muammoli kreditlar ulushi 0,6 foiz bandga oshib, 2020 yil yakuni bo‘yicha 2,1 foizni (5,8 trillion so‘m) tashkil etganligi qayd etildi.
Jami muammoli kreditlarning 73 foizi yoki 4,2 trillion so‘mi tadbirkorlik sub’ektlari, 17 foizi yoki 961 milliard so‘mi jismoniy shaxslar, 10 foizi yoki 586 milliard so‘m davlat va byudjet tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jismoniy shaxslarning muammoli kreditlari tarkibida ipoteka kreditlari ulushi 42 foizni (405 milliard so‘m), iste’mol kreditlari 20 foizni (194 milliard so‘m), mikroqarzlar 14 foizni (132 milliard so‘m), avtokreditlar 7 foizni (59 milliard so‘m) tashkil etgan. Bundan esa fuqarolar turmush sharoitini yaxshilash uchun ajratilgan kreditlar miqdorining yuqoriligi ko‘rinadi.
Davlat dasturlari doirasida aholining bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun 281 mingdan ortiq loyihaga jami 48,4 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Hisobot davrida to‘lov tizimlarini tartibga solishning me’yoriy- huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan va xalqaro tajribadan kelib chiqib tegishli nizom va qo‘llanmalar qabul qilingan.
Milliy banklararo protsessing markazi bo‘lgan HUMO to‘lov tizimining ishga tushirilishi bank kartalariga asoslangan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi chakana to‘lov tizimlari o‘rtasida raqobat muhitining paydo bo‘lishiga va kontaktsiz to‘lovlar ko‘lamini oshirish natijasida to‘lov tizimlari infratuzilmasini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Terminallar orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar hajmida HUMO tizimi orqali o‘tkazilgan to‘lovlar ulushi 2020 yilda 2019 yildagi 3 foizdan 15 foizgacha oshgan.
Aholi uchun qulay HUMO kontaktsiz bank kartalari 5,3 million, tadbirkorlik sub’ektlariga o‘rnatilgan hisob-kitob terminallari soni 203 ming, shuningdek, bank infratuzilmalari, turizm ob’ektlari, dehqon bozorlari va savdo majmualariga o‘rnatilgan bankomatlar soni 4 mingga yetkazilgan.
HUMO to‘lov tizimining VISA, Mastercard va UnionPay International xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyasi amalga oshirilib, HUMO to‘lov tizimining barcha bankomatlar va terminallar tarmog‘ida VISA, Mastercard, UnionPay bank kartalarini qabul qilish imkoniyatining yaratilishi xorijiy mehmonlar va sayyohlar uchun konversiya amaliyotisiz halqaro bank kartasi orqali tovar va xizmatlar haqini to‘lash, naqd milliy valyuta mablag‘larini olish uchun shart-sharoit yaratdi.
Naqd pullarning banklar orqali aylanmasi 2020 yilda 360,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 1,3 barobarga oshgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, balansi va moliyaviy hisobotlari nufuzli “Deloitte & Toushe” MCHJ auditorlik tashkiloti tomonidan xalqaro audit tekshiruvidan o‘tkazilib, Markaziy bankning moliyaviy hisobotlari xalqaro andozalar va “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonun talablariga to‘liq javob berishi haqidagi xulosasi olingan.
Senatorlar Markaziy bank faoliyatiga oid qonunlarga muvofiq 2021 yilda alohida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan bir qator vazifalar xususida ham so‘z yuritdi.
Xususan, banklarni transformatsiya qilish dasturlarining yetarlicha bajarilmasdan qolayotganligi, amalga oshirilayotgan ishlar esa banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va privordida bank mijozlari-iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining tubdan yaxshilanishiga sezilarli ta’sir etmayotgani qayd etildi.
Hisob-kitoblar uchun qulay bo‘lgan HUMO to‘lov tizimi afzalliklarini banklar tomonidan iste’molchilarga yetkazish bo‘yicha ishlar yetarli emasligi va tizimdan foydalanishni yanada kengaytirish maqsadida tijorat banklari va soliq idoralari uning afzalliklari to‘g‘risida aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishlari lozimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, mijozlarni ajratilayotgan kredit mablag‘larini tijorat banklari tomonidan tanlangan sug‘urta kompaniyalari orqali sug‘urtalashga majburan yo‘naltirish orqali iste’molchilar huquqlarining buzilayotganligi holatlariga ham barham berish masalasining ko‘rib chiqilishi zarurligi ham qayd etildi.
Shuningdek, aholi va tadbirkorlardan kredit ajratilishi to‘g‘risida kelib tushayotgan murojaatlarning tijorat banklari tomonidan muddatida ko‘rib chiqilmasligi yoki ko‘rib chiqish muddatlarining asossiz cho‘zilishi yoki hech qanday asoslarsiz kredit berishni rad etish, kredit uchun garovlarni tanlash va baholashdagi tizimli muammolarga muhokama jarayonlarida alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, tijorat banklari xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini suiiste’mol qilishi holatlarining mavjudligi, bank xizmatlarini tashkil etishdagi mavjud byurokratik to‘siqlarning to‘liq bartaraf etilmayotgani kabi holatlar yuzasidan tushayotgan murojaatlarning ortib borayotganligi va ularda ko‘tarilgan masalalarga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Qonun chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini aniqlash, respublikadagi mehnat faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mamlakatdan chiqish va unga kirishni tashkil etish tizimi va mexanizmlarini tartibga solish, shuningdek, mehnat organlarining faoliyatini rivojlantirish zaruriyatidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.
Qonunning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Hujjatda O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, ularga siyosiy boshpana berish, ularning O‘zbekiston Respublikasida kirish va chiqishlari, davlatimiz hududi orqali tranzit o‘tishlari va qoidalarini buzgan holda javobgarligi, respublikamizda bo‘lish tartibi va muddatini qisqartirish, shuningdek, harakatlanishi va vaqtincha yashash joyi (doimiy yashash joyi)ning tanlashi, mehnat faoliyati va boshqa huquqlari batafsil belgilangan.
Qonunning qabul qilinishi respublikada chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini tartibga solishning yaxlit tizimini o‘rnatishga, 1990-2000 yillarda qabul qilingan turli (qonunosti) hujjatlari bilan shakllantirilgan huquqiy asoslarni unifikatsiyalash va chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan munosabatlarning davr talabiga moslashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qonun bilan mehnat munosabatlari sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishning shaffof va ochiq tartibi yaratiladi, chet el fuqarolarining davlat xizmatlaridan keng foydalanish imkoniyati beriladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, бугунgi kunda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish masalalari 2 ta qonun, Oliy Majlisning 1 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 7 ta Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori hamda boshqa bir qator idoraviy hujjatlar bilan tartibga solinib kelinmoqda.
Xususan, 2000 yilda qabul qilingan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi “Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qarori shular jumlasidan.
Masalaga oid qonunchilik hujjatlarining ko‘pligi tadbirkorlik sub’ektlari va aholi uchun turli noqulayliklarni keltirib chiqarishi bilan birga korrupsiya holatlarining ham yuzaga kelishiga omil bo‘lishi mumkin.
Ushbu holatlar Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda o‘rganib chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yangi tahrirdagi qonun loyihasini kiritish tavsiya etilgan edi.
Shunga ko‘ra kiritilgan Qonun amaldagi ikkita qonun, Oliy Majlis Qarori va boshqa qonunchilik hujjatlarini birlashtirish orqali sohada zamon talabiga mos, sodda tizimni yaratmoqda.
Qonun bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tishning faqat elektron tarzda ishlaydigan maxsus – “Litsenziya” axborot tizimi orqali (shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) amalga oshirilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Qonun yuridik shaxslarning filiallari va vakolatxonalari uchun alohida litsenziya va ruxsatnoma olish talabini hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning elektron shaklda berilishi munosabati bilan litsenziya shartnomasini tuzish institutini bekor qilmoqda.
Qonun bilan ilk bor xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirishning tartibi va mexanizmlari joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga jarima solish tartibi ham belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida litsenziyalash va ruxsatnoma berish borasida byurokratik to‘siqlar va davlat organlari tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qonun buzish holatlari bartaraf etilib, tadbirkorlarga qulayliklar yaratilishi hamda barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirilib, ular shaffofligining ta’minlanishi kutilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Mazkur Qonun dastlab 2020 yilda Senatning to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilganda senatorlar tomonidan ayrim e’tirozlar bildirilib, uni qabul qilish maqsadga muvofiq emas, deb topilgandi. Xususan, Qonundagi litsenziyalash bilan bog‘liq moddalarni hamda havolaki normalarni chiqarib tashlash talabi qo‘yilgandi. Qonun tashabbuskorlari va deputatlar shu talablar asosida ushbu hujjatni qayta ishlab chiqdi.
Birgina Noshirlik faoliyatini litsenziyalash tartibi o‘rniga noshirlik faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimini joriy etish, mazkur sohada tadbirkorlikni rivojlantirishga amaliy yordam beradi.
Yangi tahrirdagi mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Yangi tahrirdagi Qonunda amaldagisida bo‘lmagan asosiy tushunchalar hamda ularni izohlovchi tegishli modda kiritilmoqda. Bu o‘zgarish nafaqat Qonundagi muayyan qoidalari noaniqligining oldini oladi, balki zamonaviy qonunchilik texnikasiga, hozirgi amaliyot talablariga mos ravishda matnni bayon etishda qulayliklar yaratadi.
Qonunda noshirlik faoliyati sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish usullarini aniqlash, xususan, ularning moliyaviy holati va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilish, noshirlik faoliyatini amalga oshirishda soliq va boshqa imtiyozlarni belgilash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, matbaa mahsulotlarida nashrning chiqarilishiga doir ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozimligi hamda ularning ro‘yxati qonuniylashtirilmoqda. Bunday ma’lumotlar nashr etilayotgan mahsulotlarning qat’iy adadi auditini, noshirlik sohasi ahvolining statistikasini va rivojlanish dinamikasini rejalashtirishni ta’minlaydi, xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarilayotgan bosma mahsulotlarning hisobi yuritilishini tashkil qilish imkoniyatini beradi.
Xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy va estetik ehtiyojlariga mos sifatli kitoblarni nashr qilish, kitoblarni qulay narxlarda joylarga yetkazib berish, noshirlik-matbaa sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur Qonunni ma’qullash to‘g‘risida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi.
bugungi kunda psixiatriya yordamiga oid faoliyat 2000 yilda qabul qilingan “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solingan.
Mazkur Qonunda ushbu yordamning asosiy prinsiplari belgilangan, ammo unda bir qator muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar, xususan, psixiatriya yordamini ko‘rsatish ustidan jamoatchilik nazorati, shifokor-psixiatrlar komissiyalarining fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi kabi jihatlar nazarda tutilmagan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yildagi qaroriga asosan yangi tahrirda “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqilgan.
Ayni vaqtda ushbu Qonunni ishlab chiqishda xalqaro tajriba, AQSH, Rossiya, Belarus va boshqa davlatlardagi qonunchilik me’yorlari o‘rganildi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi psixiatriya yordamining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha normativ-huquqiy bazaning takomillashtirilishiga, shu jumladan, ixtiyoriy, g‘ayriixtiyoriy va majburiy psixiatriya yordami ko‘rsatishga, sohada manfaatdor vazirlik va idoralarning hamkorligini ta’minlashga imkon beradi. Fuqarolarning psixiatriya yordami olishdagi erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ifodalab, ularning hayotiga asossiz aralashuvlardan, ruhiy holati buzilgan shaxslarni jamiyatda asossiz kamsitilishidan, ayni vaqtda jamiyatni bunday shaxslarning ijtimoiy xavfli qilmishlaridan himoya qiladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun davlat tizimi orqali bepul yuridik xizmat ko‘rsatiladi, ular ishga joylashishida ko‘mak beriladi. Shu bilan birga, Qonun psixiatriya yordami ko‘rsatishda tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislarning himoyasini ham amalda ta’minlaydi.
Senat a’zolari mazkur Qonunni ma’qulladi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Havo kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga asosan Eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ushbu Kodeksga kiritilayotgan o‘zgartishlarga asosan aholi manzilgohlari ustida parvoz qilish tartibi takomillashtirilib, unga ko‘ra havo kemalarining aholi manzilgohlari ustidagi parvozi yerdagi odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga va (yoki) mol-mulkiga xavf solmagan holda belgilangan yo‘nalishlar hamda balandliklarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Havo kemasida nosozlik ro‘y bergan taqdirda yoki odamlarning hayotini qutqarish uchun parvozlar qilish zarur bo‘lganda belgilangan yo‘nalish va uchish balandligidan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilishi qayd etilmoqda.
Alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra havo kemalarining belgilangan yo‘nalish va uchish balandligidan chetga chiqqan holda aholi manzilgohlari ustida parvoz qilishiga yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganligi uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan ikki baravariga qisqartirilmoqda.
Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi, agar jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solish yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etish yoxud o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish tarzidagi javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga, “Ekologik audit to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartish kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra ekologik audit tushunchasi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:
ekologik audit – ekologik audit sub’ekti amalga oshiradigan xo‘jalik faoliyatini va boshqa faoliyatni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga ushbu sub’ektning rioya etishi yuzasidan ekologik auditorlik tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan tizimli, hujjatlashtirilgan, mustaqil ekologik baholashdir.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida aholining hayoti va sog‘lig‘iga va mol-mulkiga bo‘lgan xavfning oldini olishga, havo kemasida nosozlik ro‘y bergan taqdirda yoki odamlarning hayotini qutqarishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishiga, yo‘l-transport qoidalari buzilishining oldini olish hamda transport vositalarini boshqarish mas’uliyatini ortishiga, shuningdek, ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
“Sanitariya-epidemiologiya xizmati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham yalpi majlisda muhokama markazida bo‘ldi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 iyuldagi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalari tugatilib, ularning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkil etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 iyuldagi qaroriga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologiya xizmati aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun javobgar bo‘lgan vakolatli davlat boshqaruvi organi, ushbu xizmat boshlig‘i bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari hamda Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari o‘z faoliyatida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari esa – Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga bevosita bo‘ysunadilar va ularning oldida hisobdorlar.
Sohada amalga oshirilgan mazkur o‘zgarishlar munosabati bilan amaldagi ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 257-moddasida Davlat sanitariya nazorati organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima solish tariqasida ma’muriy jazo chorasi qo‘llash huquqi O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat sanitariya vrachlari va ularning o‘rinbosarlari hamda tuman (shahar) bosh davlat sanitariya vrachlariga berilishi belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilikni ta’sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2019 yil 31 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Qonun 2019 yil 31 oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilikni ta’sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi Bitimni ratifikatsiya qilishni nazarda tutadi.
Ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro shartnoma O‘zbekiston – Britaniya munosabatlarining huquqiy asosini saqlash, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada uzluksiz davom ettirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim maqsad va yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Ushbu hujjat amaldagi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimning barcha qoidalarini saqlab qolgan holda O‘zbekiston – Britaniya hamkorlik formatiga moslashtirilgan.
Bitim preambula, 87 modda, 4 ta ilova va bojxona masalalarida ma’muriy organlar o‘rtasida o‘zaro yordam to‘g‘risidagi protokoldan iborat.
Muhokama davomida ushbu Qonunning qabul qilinishi kelgusida ikki tomonlama hamkorlikning barcha jihatlari, xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha muntazam siyosiy muloqotlar olib borish, tashqi savdo, investitsiya sohalarida qulay muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Senat a’zolari tomonidan mazkur Qonun ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati