Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini, shu jumladan, muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini saqlashga doir qonunlar ijrosi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish masalalariga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan, prokuratura organlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari bilan bir qatorda faoliyatning ayrim yo‘nalishlarida nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Jumladan, mamlakatimizda reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashdagi kamchiliklar oqibatida o‘tgan yilga nisbatan go‘daklar o‘limi 428 taga, onalar o‘limi 10 taga oshgan.
Og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yetarli darajada ta’minlanmagan. Prokurorlarning sektor rahbari sifatidagi faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjud. Xususan, joriy yilning 1 yanvar holatiga prokuror sektorlarida yashovchi 21 mingta yoki 14 foiz muhtoj oila kambag‘allikdan chiqarilmaganligi aniqlangan.
Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf etish bo‘yicha kamchiliklarga barham berilmagan.
Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan jami 62 ming 81 ta jinoyatning 41 ming 87 tasi yoki 66 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi.
Umumiy jinoyatchilik 34,7 foizga ko‘paygan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 49 foizga, jumladan, qasddan odam o‘ldirish 13, badanga og‘ir shikast yetkazish 13, nomusga tegish 27,7, bosqinchilik 18,5 foizga ortgan.
Tezkor-qidiruv va izlov yig‘majildlarini o‘rganish, fosh etilmagan ishlar bo‘yicha keskin muhokamalar o‘tkazish, tadbirlarni jadallashtirish ishlari deyarli bajarilmagan. Oqibatda respublika bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 9 ming 790 nafar shaxsdan 6 ming 761 nafari yoki 75 foizi ushlanmagan. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv va tergov ustidan nazorat ham samarali tashkil qilinmagan.
Bundan tashqari, prokuratura organlari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fuqarolardan Senatga kelib tushayotgan murojaatlar soni ham yuqoriligicha qolmoqda. Bu holatlar ushbu yo‘nalishda nazoratni yanada kuchaytirishni, aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga nisbatan qat’iy va ta’sirchan choralar ko‘rishni taqozo etadi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA