Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbanov, Qo‘ng‘irot tumani hokimi o‘rinbosari J.Seytmuratov Orolbo‘yining eng chekka «Jasliq» va «Qoraqalpog‘iston» shaharcha fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bilan yaqindan tanishdi.

Markazdan 180 km uzoqda joylashgan «Jasliq» shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisiga Qo‘ng‘irot tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinika filiali, «Qoraqalpog‘iston» shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisiga esa 67-oilaviy poliklinika tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ikkita hududda aholiga tez tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash hamda aholiga yuqori sifatli shoshilinch yordam ko‘rsatish maqsadida «Gazel» rusumli tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi.

Tibbiyot muassasalarining “mahallabay” tizimda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyati o‘rganildi va bu boradagi ishlarni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA