O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatida belgilangan vazifalarning ijrosini taminlash, shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlarning ekologik madaniyatini orttirish, atrof muhitga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, ona tabiatni kelajak avlod uchun asrab-avaylash, ekologik vaziyatni yaxshilash va atrof muhitga salbiy ta’sirlarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida «Yangi O‘zbekistonda erkin va obod yashaylik!» shiori ostida «Toza shahar» loyihasi doirasida ommaviy obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish aksiyasi boshlandi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Nukus shahridagi “Yoshlar markazi” binosi oldida yoshlar tashabbusining tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi B.Alixonov va boshqalar mazkur tashabbusning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Tadbirda Nukus shahrini toza hudud va yashil belbog‘li shaharga aylantirish, yoshlar ongida ekologik madaniyatni yanada oshirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarda yoshlarning fidoiyligini oshirish va ularda vatanparvarlik hislarini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan www.ncity.uz sayti orqali obodonlashtirilishi zarur bo‘lgan 61 ta hudud xaritaga joylashtirildi.
Tadbir arafasida muvaffaqiyatlarga erishgan va faol jami 300 nafardan ziyod yoshdan iborat «Ko‘ngilli yoshlar» otryadi tashkil etilib, mazkur hududlarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordi.
Loyihada qatnashuvchi vazirlik, korxona va tashkilotlar vakillari, oliy o‘quv yurtlarining talabalari ishtirokida belgilangan hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan boquvchisidan ayrilgan oilalarning uy ishlariga amaliy yordam ko‘rsatilib, Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi askarlari tomonidan «Shorsha bobo» va «Salmen ota» ziyoratgohlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi.
Tadbir doirasida “Eko patrul” aksiyasi tashkil etilib, “Yoshlar markazi” atrofida “Kar’era” yosh kadrlarni tayyorlash klubi a’zolari tomonidan gullar bog‘ini yaratish ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari 9 ta «Ko‘ngilli patronaj yoshlar» otryadi tomonidan «Faxriylar e’zozimizda» loyihasi doirasida urush va mehnat faxriylari, boquvchisidan ayrilgan, nogironligi bor, yakka-yolg‘iz fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
«Fidoiy yoshlar» tomonidan boquvchisidan ayrilgan, nogironligi bo‘lgan, shuningdek, yakka-yolg‘iz 21 nafar fuqaroning uy ishlariga amaliy yordam ko‘rsatilib, ular yashayotgan uy atroflarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, yordamga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsuloti, dori-darmon vositasi tarqatildi. Bir guruh yoshlar tomonidan «Qushlarga g‘amxo‘rlik qilamiz» shiori bilan uyalar yasalib daraxtlarga joylab chiqildi.
– Tadbirda tumanimiz yoshlari ham o‘z tashabbuslari bilan ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Bo‘zatov tumani bo‘limi boshlig‘i Nizamatdin Bekjanov. – Kelgusida biz ham tumanimizda bunday loyihani amalga oshirmoqchimiz.
Yoshlar tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur tadbir doirasida 4 250 tub mevali, 19 260 tub manzarali va 750 tub gul ko‘chati ekildi. Nukus shahrida 225 tonna chiqindi olib chiqildi. Tadbirda ishtirok etgan 20 ming nafardan ziyod kishi, asosan yoshlar xalqimizga xos mehr-muhabbat, bag‘rikenglik, ezgulik fazilatini namoyon etdi. Kelgusi tadbir Taxiatosh tumanida bo‘lib o‘tadi.
Loyiha yakunida ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etib, yoshlarni xayrli tashabbuslari bilan qutladi. “Eng faol mahalla fuqarolar yig‘ini”, “Eng faol yoshlar otryadi”, “Eng yaxshi tashabbus”, “Eng faol tashkilot» kabi qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir san’at ustalarining gala konserti bilan yakunlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA