Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-umumta’lim maktabida 967 nafar o‘quvchi zamonaviy sharoitlarda saboq olmoqda.
Maskanda sifatli ta’lim uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quvchilarning qobiliyatini rivojlantirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun 30 dan ziyod fan va sport to‘garagi ishlab turibdi.
– O‘quvchilarimiz fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvlari, turli ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda, – deydi maktab rahbari Saidkamol Eshmurotov.
– Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Investitsiyalar va tashqi savdo, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamda Birlashgan Arab Amirligining “Dubai Future Foundation” fondi bilan hamkorlikda 2019 yilda start berilgan «Bir million dasturchi» loyihasida maktabimiz o‘quvchilari faol qatnashdi.
Loyiha doirasida www.uzbekcoders.uz o‘quv portalida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda bir qancha yangi dasturlarini taqdim qilishga erishdi. Shu munosabat bilan maktabimizning qator pedagoglari O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi ko‘krak nishonlari va zamonaviy kompyuterlar, bilimdon va iqtidorli o‘quvchilar esa diplom, esdalik sovg‘alariga sazovor bo‘ldi. Joriy yil 7 aprel kuni esa loyiha doirasida maktabimiz jamoasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Prezident sovg‘asi “Spark” avtomobili taqdim qilindi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA