Muallif dunyoning mashhur nashrida G‘arb davlatlari O‘zbekistonga yordam berishi lozimligi haqida fikr yuritar ekan, Markaziy Osiyo qariyb 200 yil ichida birinchi marta dunyo hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga tortgani haqida to‘xtaladi.
Yozilishicha, Afg‘onistondagi notinch ahvol kelajakka tahdid solishi mumkin. Mana shunday vaziyatda O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan alohida ta’sirga egaligi sababli, G‘arb davlatlari respublikaga yordam berish istagini bildirmoqda.
«Ipak yo‘li davlatlarida tashqi kuchlarga chalg‘imasdan «o‘z taqdirlarining yaratuvchilari» bo‘lish uchun real imkoniyat mavjud. Lekin, barcha mintaqaviy va global kuchlar birlashmas ekan, bu yo‘qqa chiqishi mumkin», deyiladi maqolada.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Afg‘onistonga ta’siridan tashqari, G‘arbga arzon xomashyo: neft va gazdan tortib, oltin va urangacha yetkazib bera olish imkoniyatiga ega.
«Ayni paytda Xitoy kompaniyalari Qozog‘istonda neft qazib olishning to‘rtdan bir qismiga va Turkmaniston gaz eksportining yarmidan ko‘prog‘iga egalik qilmoqda. Shuningdek, u Tojikiston va Qirg‘iziston uchun hukumat qarzlarining mos ravishda 49 hamda 36 foiziga ega bo‘lgan yagona yirik kreditor davlat hisoblanadi. Ushbu manzarada kelajakka umidning yagona nurlari O‘zbekistondan kelmoqda», deya urg‘ulaydi muallif.
O‘zbekiston davlat muassasalari tomonidan jamoatchilikning konservativ qatlamiga tegmagan holda aholi hayotini ongli ravishda liberallashtirish, muhimligi qayd etilgan.
«Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lgandan so‘ng O‘zbekistonda hayratlanarli darajadagi o‘zgarishlarni amalga oshirdi. O‘zbekiston Prezidenti qo‘shni davlatlarga tashrif buyurib, to‘siqlarni ta’mirlab, o‘zining bir – ikki yilini juda samarali sarfladi. Qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni ochdi. U o‘ziga xos savdo blokini tuzish uchun Ipak yo‘li mamlakatlarini birlashtirishga kirishdi. Shu bilan birga, Prezident global fondlar mamlakat asoslarining mustahkamligi va xavfsizligini ta’minlashdan manfaatdor bo‘lishi uchun har qanday davlatdan, jumladan, Yevropa va AQSHdan ham O‘zbekistonga sarmoyalarni jalb qildi. Shu tariqa, dunyoga yo‘l ochish uchun O‘zbekiston ma’lum va yaqin mamlakatlar, bir guruh oligarxlar, sulolalar orqali emas, balki boshqa muqobil yo‘llardan ham foydalanish mumkin ekanini ko‘rsatdi», – qayd etiladi maqolada.
Muallifning aytishicha, O‘zbekiston misolida «geografiya — bu taqdir» degan qoidadan voz kechayotgan mamlakatni ko‘rish mumkin. O‘zbekiston gegemonlikning ulkan kuchlari soyasida qolmaslik uchun ham erkinlik va mustaqillik sari intilmoqda.