O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, shu yil birinchi marotaba yangi Saylov kodeksiga asosan oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.
Saylov kampaniyasida saylovoldi tashviqoti muhim jarayon hisoblanadi.
Saylov kodeksida belgilanganidek, saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat hisoblanadi. Ushbu jarayon nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida tugaydi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risida»gi nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibini belgilaydi. Nizom 5 bob va 49 moddadan iborat.
Saylov kodeksi qabul qilingandan so‘ng Markaziy saylov komissiyasining avvalgi shu haqdagi nizomi o‘z kuchini yo‘qotishi sababli yangi qoidalar bilan ushbu nizom ishlab chiqilgan. Yangi kiritilayotgan ushbu nizomga avvalgi nizomdagidan farqli ravishda bir qator yangi qoidalar kiritilmoqda.
Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi 2020 yil 13 maydagi 2019 yilda bo‘lib o‘tgan Parlament saylovlarni o‘rganish yakunlari bo‘yicha xulosalarida berilgan tavsiyalarida qonunchilikka kampaniya davrida davlat resurslarini suiiste’mol qilish masalasini hal etadigan aniq normalar kiritilishi lozimligi bildirilgan edi.
Ushbu tavsiya 2021 yil 8 fevralda qabul qilingan qonunga asosan Saylov kodeksining 44-moddasiga kiritilgan bo‘lib, nizomda ham quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanishi belgilanmoqda.
Ya’ni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sudyalar, saylov komissiyalari a’zolari, diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti davrida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.
Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi. Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari (saylov kunidan ikki kun oldin) joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida olib qo‘yilishi majburiy hisoblanmaydi.
Shuningdek, saylovoldi tashviqotini olib borish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Alohida ta’kidlash zarurki, ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga to‘g‘ri kelishi, nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.
Noto‘g‘ri axborotni, nomzodning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish, shuningdek, nomzodning roziligisiz uning shaxsiy yoki oilaviy siridan iborat xususiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni noqonuniy to‘plash yoki tarqatish taqiqlanadi.
Saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzganlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq jinoiy va ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA