Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari hamda huquqni muhofaza etuvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda tibbiy dori vositalarining noqonuniy xarakatiga oid tezkor tadbir o‘tkazildi.

Toshkent-Buxoro yo‘nalishida ketayotgan Lochin Sadanov (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinaning yukxonasida ishlab chiqarilishi va sifati to‘g‘risida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, o‘zbek tilida markirovkalanmagan 14 turdagi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

L.Sadanovning bildirishicha, ushbu dori vositalarini u poytaxtlik “Malika” ismli ayoldan olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida yashovchi “Guli” ismli ayolga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.

Ushbu “malham”lar “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiya davlat markazi” Davlat unitar korxonasining xulosasiga ko‘ra, sotilishi taqiqlangan va tibbiyotda qo‘llanilishiga ruxsat etilmagan hamda inson hayoti va sog‘ligiga bo‘lgan samarasi kafolatli emas.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda, deya xabar tarqatgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati Axborot xizmati.

 

O‘zA