Xalqaro press-klub nodavlat-notijorat tashkiloti va Koreya Respublikasining haftalik nashri hisoblangan “Uz Kor Economy Media Group” o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi. Bu haqda Xalqaro press-klubning “Telegram”dagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi. 

Memorandum Koreyaning Seul shahrida Xalqaro press-klub Raisi Sherzodxon Kudratxodjayev va «Uz Kor Economy» jurnali rahbari-Rais Ryu Sok Ho tomonidan imzolangan.

Hamkorlikning asosi shunda ko‘rinadiki, Xalqaro press-klub O‘zbekistonda bo‘layotgan yangiliklarni “Uz Kor Economy” nashriga ingliz tilida jo‘natadi va UzKor xabarlarni koreys tiliga tarjima qilib o‘z auditoriyasiga yetkazadi.

“Hamkorlikdan so‘ng bizning internetdagi jurnalimiz sahifasiga kirib, yangiliklarimizni kuzatib boruvchilar soni ortdi. Bu Xalqaro press-klub tomonidan taqdim etilayotgan ko‘plab maqolalar sharofati bilandir. Ayniqsa, O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasida fuqarolarning vizasiz qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqidagi Xalqaro press-klubdan olingan ma’lumotni jurnalimizda e’lon qilgan kunimiz juda ko‘plab telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berdik. Har kuni bizning jurnalimizga qiziqarli va muhim yangiliklarni taqdim etayotgan Xalqaro press-klub xodimlariga ham alohida minnatdorchiligimni bildirib o‘taman” – deydi «Uz Kor Economy» jurnali rahbari-Rais Ryu Sok Ho.

Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi faoliyatining birinchi yili haqida koreys tilida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob, aynan ushbu nashr – Koreya Respublikasida ommaviy axborot vositasi sohasidagi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan “Uz Kor Economy Media Group” tomonidan chop etilgan.

Kelgusida Xalqaro press-klub boshqa xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

 

O‘zA