Yoshlik umr bahori. Yoshlikdagi ba’zi voqea-hodisalar, jarayonlar kishi hayotiga uzoq muddat, ba’zida bir umrga ta’sir ko‘rsatishi, qaysidir ma’noda uning kelajagini belgilovchi muhim omilga aylanishi mumkin.
Bugun poytaxtimizdagi “Istiqlol” san’at saroyida jam bo‘lgan yigit-qizlarning hayotida ham ana shunday unutilmas kun. Mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlandi.
Mazkur mukofot uchun davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim va ijtimoiy soha, san’at madaniyat, jurnalistika va sport sohasida 24 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar saralandi. Har bir sovrindorga eng kam ish haqining 30 baravari miqdoridagi pul mukofoti topshirildi.
Mukofotga vazirlik, idora va tashkilotlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar tomonidan barcha nominatsiyalar bo‘yicha yetti yuzga yaqin nomzod tavsiya etildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi qoshidagi ekspertlar komissiyasi tomonidan nomzodlarning hujjatlari o‘rganilib, 70 nafar yigit-qiz saralab olindi.
Har bir nominatsiya bo‘yicha saralangan 3 nafar nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining www.yi.uz internet sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirib, ularga keng jamoatchilik va yoshlar tomonidan ochiq ovoz berildi.
– Yurtimizda tashabbuskor, qobiliyatli, bilim va mahoratli yoshlar juda ko‘p, – deydi “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” nominatsiyasi g‘olibi, toshkentlik Iforaxon Murodova. – Bu mukofotni menga bildirilgan yuksak ishonch, mas’uliyat deb bilaman. Kelajakda samarali ishlarim bilan bu ishonchni oqlashga, xalqimiz, yurtimiz uchun xizmat qilishga va’da beraman.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimiz farmoni bilan bungacha 37 nafar yosh “Do‘stlik” ordeni va “Shuhrat” medali, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi qarori bilan 40 nafar yigit-qiz “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.
Go‘zal Sattorova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA