O‘tgan yakshanbada Qozog‘istonda parlamenti Majilisi (quyi palata) hamda maslihatlar (mahalliy vakillik organlari) saylovi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasining dastlabki hisob-kitobiga qaraganda, Qozog‘iston hukumatini boshqarayotgan, sobiq prezident Nursulton Nazarboyev rahbarligidagi “Nur Otan” partiyasi saylovda 71,09 foiz ovoz olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda MSK kotibi Sabila Mustafina ma’lum qildi.

Parlamentdan, shuningdek, “Ak jol” (yorqin yo‘l) va “Qozog‘iston xalq partiyasi” ham joy oladi. Ular tegishlicha 10,95 va 9,1 foizga ega bo‘lgan.

“Auil” va “Adal” partiyalari MSK bergan ma’lumotga ko‘ra, mos ravishda 5,29 va 3,57 foiz ovoz to‘plab, 7 foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi, ya’ni parlamentdan o‘rin ololmadi.

Majilis tarkibi 107 deputatdan iborat bo‘lib, ularning 98 nafari partiyadan ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Majilisdan joy olish uchun partiyalar 7 foizlik to‘siqdan o‘tishi lozim. Majilisning yana to‘qqiz deputati mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev rahbarlik qilayotgan maslahat-kengash organi bo‘lmish Qozog‘iston xalq Assambleyasi tomonidan saylanadi. Mazkur organ respublikada yashayotgan barcha elatlar manfaatini ilgari suradi. Majilis deputatlarining vakolat muddati besh yil etib belgilangan.

O‘zA