Vaksinalar uchun kurash. Ayni damda koronavirusga qarshi bir qator davlatlarda vaksinalar yaratildi va ular ustida sinovlar ham yakunlangani e’lon qilindi. Fuqarolar emlanayotgani haqida ayrim davlatlar bayonot ham berdi. Bular yaxshilikka, albatta. Ammo bu preparatlarning samarasi hozircha mavhumligicha qolmoqda. Shuningdek, birinchi navbatda kimlar emlanishi va qachon emlanishi ham dolzarbligicha qoladi.

Bu yilda jahon iqtisodiyotining notekis rivojlanishi davom etishi aytilmoqda. Iqtisodiyot pandemiya davrida ham rivojlandi, ammo ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Turli mamlakatlar iqtisodiyotni turlicha yo‘lga qo‘yishga urindi. Kuchli va kuchsiz kompaniya va firmalar o‘rtasidagi tafovut bu yil ham saqlanib qolishi taxmin qilinmoqda.

Jahondagi tartibni tiklashga urinish davom etadi. Jo Bayden Oq uy rahbari bo‘lganidan so‘ng jahon tartib qoidalarini tiklashga urinishi aniq. Biroq, uning sa’y-harakatlari qiyin bo‘lishi aytilmoqda. Chunki, jahon pandemiyadan oldingi tartibga qaytmaydi, deguvchilar topiladi.

Amerika–Xitoy munosabatlaridagi keskinlik kuchayishidan xavotirlar mavjud. Prezident Bayden Xitoy bilan savdo urushlarini to‘xtata oladimi, degan savolga hozircha javob topilganicha yo‘q. U Xitoyga qarshi davom etayotgan savdo urushlari samara berishi uchun ittifoqchilari bilan munosabatlarni yaxshilashga intilishi aniq. Shu bilan birga Afrika va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari AQSH-Xitoy mojarolaridan chetda turishga urinmoqda.

2021 yilda turmushning barcha sohalarida yuqori texnologiyalardan foydalanish tezlashadi. 2020 yilgi koronavirus pandemiyasi davrida yuqori texnologiyalardan foydalanish samara bergani aytilmoqda. Turli xalqaro tadbirlar videokonferensiya shaklida o‘tkazildi, kompaniya va tashkilotlar o‘z xodimlarini masofadan ishlashga o‘rgatdi, ta’lim dargohlarida onlayn darslar berildi. 2021 yilda bu jarayon o‘zgarmay qoladimi yoki qisqaradimi, degan savolga aniq javob topiladi.

Tahlilchilarning fikricha, tahlikali zamonda turizm qisqaradi. Asosan ichki turizmga e’tibor qaratiladi. Aviakompaniyalar, mehmonxonalar va samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniyalar jiddiy qiyinchiliklar bilan to‘qnash keladi. Shuningdek, asosan xorijlik talabalar ta’lim oladigan universitetlar ham shu kabi muammolarni boshdan kechiradi. Madaniy va sport tadbirlari ham keskin qisqaradi.

Iqlim o‘zgarishida ijobiy tomonga siljish bo‘ladi. Chunki pandemiya tufayli havoga zararli chiqindilarning chiqishi keskin kamayib ketgani aytilmoqda.

O‘tgan yili qoldirilgan Tokiodagi Olimpiada o‘yinlari, Dubaydagi “Ekspo” sport majmuasida bu yil o‘tishi uchun barcha sa’y-harakatlar qilinadi.

Umuman olganda, yangi yildan umidlar katta. Dunyo aholisi pandemiya davri sinovlaridan saboq chiqargan holda faoliyat yuritishi aniq.

 

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA