Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi davom etmoqda.

– Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlariga kelgusi yil byudjetidan 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi, – dedi davlatimiz rahbari. – Ushbu mablag‘lar hisobiga aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari amalga oshiriladi. O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish va uning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga 200 million dollar yo‘naltiriladi.

Har qanday jamiyat taraqqiyotida yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. 15 yoshgacha bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitamin, bolalarga parazitar kasalliklar uchun dori vositalarini bepul tarqatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinib, bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi va keyingi 5 yilda kamqonlikning 25 foizga kamayishiga erishiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina yo‘lga qo‘yiladi. Barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish choralari ko‘riladi.

O‘zbekistonda birlamchi bo‘g‘inda umumiy amaliyot shifokori o‘rniga oilaviy shifokor va unga 5 ta yordamchi-hamshiradan iborat «tibbiy brigadalar» tashkil qilinadi. Hududiy shifoxonalarda endokrin xirurgiya, diabetik to‘piq, diabetik nefropatiya va reanimatsiya bo‘limlari tashkil etiladi va byudjetdan 150 milliard so‘m ajratiladi.