O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-iyundagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan “infoCOM.uz” oylik axborot-tahliliy jurnali axborot-komputer texnologiyalari sohasida mamlakatimiz va jahondagi tendensiyalar, yangi ishlanmalarni yoritib kelmoqda.
Bugun poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida jurnalning 15 yilligi salmoqli yutuqlar, erishilgan maqsadlar bilan munosib nishonlandi.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Shermatov, jurnal tahrir hay’ati raisi A.Suchkov va boshqalar mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, ulardan barcha sohalarda samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani, “infoCOM.uz” jurnali axborotlashtirishning milliy tizimini shakllantirish, fuqarolarning axborotga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini yanada to‘liqroq qondirish, yoshlarni AKT sohasiga qiziqtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
– Jurnalimizda intellektual yetuk, ahil jamoa shakllangan. Bugungi kunda oldimizga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bajarishga astoydil harakat qilayapmiz, – deydi jurnal bosh muharriri Marufa Azizova. – Jurnalimiz 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan. Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Bu jarayonda jurnal mazmun-mohiyatini ham boyitish yo‘lida doimo izlanishdamiz.