2020 yil 20 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Ushbu yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “Uzreport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.
Senat a’zolari tomonidan 17 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun muhokama qilindi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlash joizki, 163 ta normativ-huquqiy hujjat hamda 121 ta chora-tadbirlar dasturi va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan Davlat dasturi ijrosini ta’minlash va doimiy monitoring qilib borish yuzasidan Hukumatda yaxlit tizim yaratilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida hisobot davrida xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan 8,7 mlrd. AQSH dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilgan.
Ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 2 trln. 824 mlrd. so‘m, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trln. 211 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Joriy yilning III choragida byudjetga qariyb 36,3 trln. so‘mlik daromadlar tushgan.
Shu kungacha Davlat dasturi doirasida jami 111 ta hujjat qabul qilingan. Xususan, 2 ta qonun, Oliy Majlis palatalarining 5 ta qarori, Prezidentning 18 ta farmoni va 20 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori va farmoyishi hamda 45 ta chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan va o‘rnatilgan tartibda ijrosi nazoratga olingan.
Majlisda senatorlar tomonidan Davlat dasturida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, ayniqsa, ijro muddati yil davomida belgilangan bandlar ijrosiga alohida e’tibor qaratish, dasturda belgilangan hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi. Bunda har bir mas’ul ushbu dastur, avvalo, odamlarni rozi qilish va mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga qaratilganligi nuqtai nazaridan yondashishlari lozimligi aytib o‘tildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ijro etilishi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, olib borilgan o‘rganish davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birga tizimli xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, qonunga binoan hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarni (majlis, kengash, uchrashuv, matbuot anjumani, brifing va boshqalar) tashkil etish va o‘tkazish hamda OAV vakillarini xabardor qilish tartibi ishlab chiqilmagan. Oqibatda OAV vakillari ommaviy tadbirlar haqida bexabar qolgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan hokimiyat va boshqaruv organlari faqat o‘ziga yaqin bo‘lgan OAVni xabardor qilish holatlari yuzaga kelgan.
Mahalliy hokimliklar qabul qilayotgan qaror loyihalarini muhokama etishlari nafaqat aholi o‘rtasida, balki OAV vakillari o‘rtasida ham muhokamasi tashkil etilmagan.
Jizzax viloyatining G‘allaorol, Namangan viloyatining Chust va Namangan, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Oltiariq, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanlari hokimliklarining veb-saytlarida “Fuqarolarning murojaatlari” bo‘yicha rukn umuman tashkil etilmagan.
O‘rganilgan hududlarda aholini qiynayotgan mavjud muammolar biror marta hokimiyat organlarining veb-saytlari va boshqa axborot manbalarida yoritilmagan.
OAV yuborgan murojaatlarga hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan o‘z vaqtida munosabat bildirilmagan. Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish (176 ta), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash (140 ta), Sog‘liqni saqlash (132 ta), Bandlik va mehnat munosabatlari (47 ta), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim (39 ta) vazirliklari, Oliy sud (59 ta), “O‘zbekneftgaz” (19 ta), “O‘zavtosanoat” (15 ta) aksiyadorlik jamiyatlari, Toshkent shahar hokimligi (325 ta), Samarqand (78 ta), Toshkent (78 ta) va Xorazm (31 ta) viloyatlari hokimliklari jami 1139 ta murojaatlarga javob bermagan.
Qonunga ko‘ra hokimiyat va boshqaruv organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan faoliyatga oid ma’lumotlar yangilab borilmagan. Ayrim ruknlarga esa ma’lumotlar umuman joylashtirilmagan.
5 ta davlat organi va tashkilotining rasmiy veb-saytlari mavjud emas.
O‘rganilgan hokimiyat va boshqaruv organlari mutasaddilari tomonidan axborot taqdim etish uchun mansabdor shaxs belgilanmagan, faoliyat ochiqligini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish mexanizmi joriy etilmagan.
Shuningdek, qonunga ko‘ra hokimiyat va boshqaruv organlarida ochiq hay’at yig‘ilishlarida hozir bo‘lish tartibi joriy qilinmagan. Oqibatda OAV vakillarining ochiq hay’at yig‘ilishlaridagi ishtiroki ta’minlanmagan.
Tahlil qilingan 113 nafar matbuot kotibidan 12 nafarining (11%) ish natijalari yuqori, 55 nafari (47%) o‘rta darajada baholangan bo‘lsa, 20 nafari (18%) qoniqarli, 26 nafarining (23%) faoliyati past darajada deb topilgan.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan axborot-ma’lumot materiallarda imloviy hamda grammatik xatolar saqlanib qolgan.
Shuningdek, turli ijtimoiy tarmoqlar, guruhlar, kanallar va internet sahifalarida muammolar jismoniy shaxslar tomonidan turli mish-mishlar bo‘rttirilgan va asoslanmagan tarzda tarqatilmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida tushunmovchilik va noroziliklarning keskin ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Ayrim vazirlik, idoralar va hokimliklar ommaviy axborot vositalari orqali murojaatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirmay kelmoqda. Tanqidlar bo‘lmoqda, ammo ularga javob yo‘q. Bunday holatlar, afsuski, vazirliklar va idoralarning obro‘sini tushirishga olib kelib, odamlarda islohotlar taqdiriga ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklar tizimli ekanligini hamda ularning yechimi tub o‘zgarishlarni talab qilishini ko‘rsatadi.
Qayd etilgan kamchiliklar va sohada uchrayotgan muammolarni tizimli o‘zgarishlar orqali hal etish yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, hozirda sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar to‘liq fosh etilishi va jazo muqarrarligini ta’minlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida o‘z izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanilmoqda.
Fosh etilmagan jinoyatlar esa o‘z navbatida jinoyatchilarga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusi jinoiy faoliyatini davom ettirishga imkon bermoqda. Shu bois mazkur qonunning qabul qilinishi bilan Genom axboroti ma’lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi murakkab va o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarning ochilishiga imkon yaratadi.
Mazkur qonun qabul qilinishining ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, chet el tajribasi jinoyatchilik bilan kurashishda Genom axboroti ma’lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etish muhim ahamiyat kasb etib, yuqori samara berayotganligini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda jinoyat sodir etish usullari ham takomillashib bormoqda. Ularning asosiy maqsadi jinoyat sodir etilgan joyda qoldiriladigan izlarni minimallashtirishdan iborat bo‘lib, bu esa sodir etilgan jinoyatlarni ochish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda. Genom axboroti ma’lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi nisbatan murakkab, o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkon yaratish bilan birga qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlaydi.
Genom axborotining yagona ma’lumotlar bazasi yaratilishi o‘z navbatida bedarak yo‘qolgan shaxslarni topish va topilgan murdalarning shaxsini aniqlashda ularning yaqin qarindoshlari bilan identifikatsiya qilish imkonini yaratadi.
Sud-tergov organlarining isbotlov bazasini mustahkamlaydi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni, shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning Genom axboroti ma’lumotlar bazasini yuritish orqali ular tomonidan ushbu turdagi jinoyatlarni takroran sodir etilishining oldini oladi.
Shuningdek, qonun bilan bir qator yangiliklar kiritilmoqda.
Xususan, qonunda biologik material, genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish, genomga oid axborot va unga ishlov berish, genomga oid axborotning yagona ma’lumotlar bazasi, odam DNKsining sud-biologik ekspertizasi shaxsning biologik qarindoshlari kabi tushunchalariga aniqlik kiritilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qonunchilikka “Shaxsning biologik qarindoshlari” degan yangi tushuncha ham kirib keldi.
Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish doirasidagi vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Genomga oid axborotlarning yagona ma’lumotlar bazasini yuritishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi. Genomga oid axborot insonga tegishli bo‘lgan o‘ta nozik va muhim bo‘lgan konfidensial axborot bo‘lgani bois uning but saqlanishi va maxfiyligini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, qonunga muvofiq genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish majburiy va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.
Majburiy – og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar, shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar.
Shuningdek, shaxsi aniqlanmagan shaxslarning tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida olingan biologik materiallari, tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlar, qismlari) ham majburiy ravishda amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy – genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yozma arizalariga ko‘ra pulli asosda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishga ko‘maklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olishdan o‘tishi mumkin.
Qonun bilan genomga oid axborotni olish, unga ishlov berish va uni muhofaza qilishning asosiy talablari belgilanmoqda.
Shuningdek, genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olingan axborotdan:
– jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek, ularni sodir etgan shaxslarni fosh etish va aniqlash;
– bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish;
– tanib olinmagan murdalarning (tana qoldiqlarining, qismlarining) shaxsini aniqlash;
– biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida foydalaniladi.
Bu esa xalqaro huquq normalariga to‘la javob beradigan qonuniylik, insonparvarlik, maxfiylik prinsiplariga amal qilinishini ta’minlaydi.
Yana bir jihat. Biologik material va genomga oid axborotni saqlash muddatlari va yo‘q qilib tashlashning tartiblari belgilanmoqda.
Agar shaxs o‘zining barcha biometrik ma’lumotlari qonuniylik asosida davlat ro‘yxatiga olinganligini his etsa va har qanday jinoiy qilmishi fosh etilishini oldindan anglab yetsa, aksariyat vaziyatlarda bu jinoyat qilishdan qaytaradi.
Majlisda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyatida qonuniylik asosida shakllantirilgan fuqarolarning biometrik ma’lumotlari haqidagi ma’lumotlar bazasi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Senatorlar tomonidan “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’qullandi. Qonun 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, kasaba uyushmasi – fuqarolarning o‘z faoliyati yoki o‘qishi turi bo‘yicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida tuziladigan, o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadigan ixtiyoriy jamoat birlashmasidir.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tarkibiga kiruvchi 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi 32,5 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlarni birlashtirgan, a’zolar soni 5,5 millionni tashkil etib, ulardan 2,5 millioni ayollar hamda 2 milliondan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.
O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun bilan ushbu tuzilmalarga qo‘shimcha huquqlar berilgan. Kasaba uyushmalari ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni tuzishda qatnashish, bandlik, mehnat muhofazasi masalalarida o‘zlarining fikrlarini davlat organlariga taqdimnoma shaklida kiritish kabi huquqlarga ega.
Yangi qonun bilan 11 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kuni, deb belgilanishi xalqimizning ko‘p millionli vakillarini o‘zida birlashtirgan tizim xodimlarining hamjihatligi, birdamligini yanada mustahkamlaydi.
Ayni damda respublikamizda qonun bilan tasdiqlangan 25 ta bayram belgilangan bo‘lib, 9 tasi dam olish kunlari, 16 tasi esa dam olmasdan nishonlanadigan kasb bayramlaridir.
Bu kabi bayramlar Avstriya, AQSH, Gretsiya, Indoneziya, Kanada, Latviya, Singapur, Fransiya, Xitoy, Shveysariya kabi davlatlarda, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi MDH davlatlarida nishonlanib kelinmoqda.
Qonunning qabul qilinishi kasaba uyushmalari tashkilotlarini, eng avvalo, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning yanada samarali faoliyat yuritishni ta’minlash, tashkilot fidoyi xodimlarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Bu esa mehnatkashlar huquqlari himoya qilinishi yuzasidan jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshirishga zamin yaratadi.
Majlisda ushbu sana mehnatkashlar huquqlarining himoya qilinishiga davlat miqyosida katta e’tibor berilayotganining yana bir ifodasi bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Senat a’zolari mazkur qonunni ma’qulladi.
Shundan keyin “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda qurilish materiallari bo‘yicha 867 ta, yer osti suvlarining 649 ta, uglevodorodlar (neft, gaz, kondensat)ning 244 ta, qimmatbaho metallar (oltin, kumush)ning 97 ta, rangli va nodir metallarning 12 ta, radioaktiv metallarning 38 ta, kon xomashyolarining 37 ta, kon-kimyoning 32 ta, qimmatbaho toshlarning 30 ta, ko‘mir va neft slanetsining 7 ta, qora metallarning 5 ta resursi qayd etilgan.
Ba’zi foydali qazilmalar (oltin, uran, mis va boshqalar) zaxiralari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kiradi. Nufuzli xalqaro konsalting kompaniyalaridan biri — BCG hisob-kitoblariga ko‘ra, keyingi o‘n yil ichida mamlakatning investitsiyaviy salohiyati 65 milliard AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvonining ta’sis etilishi iqtisodiyotimiz qudratini oshirishga har tomonlama e’tibor qaratilayotgani bilan izohlanadi.
Ushbu faxriy unvon bilan, jumladan, sohada chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlashdagi munosib xizmatlari uchun geologiya, geofizika, gidrogeologiya, topografiya-geodeziya, yer osti boyliklari geologiyasi va qidiruvi tarmog‘ining geologlari va muhandis-texnik xodimlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari mukofotlanadi.
Mazkur qonun qabul qilinishi munosabati bilan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar ham kiritilmoqda.
Senat a’zolari tomonidan ushbu qonun ma’qullandi.
So‘ngra “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining Konstitutsiyada kafolatlangan daxlsizligini ta’minlash borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Lekin ayrim joylarda mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning amalda ijrosi ta’minlanmagan. Buni mazkur yo‘nalishda Senatga kelib tushayotgan murojaatlar sonining deyarli ikki barobarga ko‘payganidan ko‘rish mumkin.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sudlari tomonidan mahalliy hokimliklarning qarorlarini haqiqiy emas deb topishga doir
2019 yilda jami 3 mingga yaqin ishlar ko‘rilgan bo‘lib, ularning 42 foizi qanoatlantirilgan.
Shu bois, mazkur qonun bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda Yer kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad, birinchi navbatda, yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiq belgilashdir.
O‘z o‘rnida, kiritilayotgan normaga asosan, yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasining roziligi bo‘lgan taqdirda yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qaroriga yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qolaversa, amaldagi qoidalardan farqli o‘laroq, endi yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqi, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini bekor qilish aksariyat holatlarda sud tomonidan amalga oshiriladi. Bunday holatlar etib qonunda yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanish, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaslik, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer solig‘ini muntazam to‘lamaslik kabilar belgilanmoqda.
O‘z o‘rnida, tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarori yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yer uchastkasiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqini faqat to‘rt holatda tugatish amalga oshirilishi mumkin. Ya’ni yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda, yuridik shaxs tugatilganda, xizmatda foydalanish uchun yer berishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganda.
Bundan tashqari, qonunda korxona va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilishi belgilanmoqda.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida mulkdorlar huquqlari, ularni o‘z mulkiga bo‘lgan mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qilish kafolati mustahkamlanadi. Qolaversa, yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining o‘rni, shu jumladan, davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Mazkur qonun bilan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga hamda Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zgartirish bilan narx-navo oshib ketishining oldini olish maqsadida joriy yilning yakuniga qadar ayrim turdagi aksiz solig‘i stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab turish nazarda tutilmoqda.
Qolaversa, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish uchun foydalanilgan suv hajmlari bo‘yicha soliq stavkalarining belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilishi ham belgilanmoqda.
Ta’kidlash joizki, qonun bilan alohida sharoitlarda, ya’ni koronavirus pandemiyasi sharoitida soliq majburiyatlarini bajarish belgilanadi. 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan soliqlarni va bo‘nak to‘lovlarini to‘lashni foizsiz kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashni taqdim etish, shuningdek, qo‘shimcha vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, soliqlardan yengilliklar taqdim etish bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga beriladigan huquqlar ham o‘zgarishlarda o‘z aksini topmoqda.
Qonunning ma’qullanishi iqtisodiy islohotlar barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhokama markazida bo‘ldi.
Mazkur hujjat bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali bunday huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy burchiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar qayd etilmoqda.
bugungi kunda amaliyotda, ko‘plab fuqarolar, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan xonadonlarda yoki tashkilotlarda hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga, shu jumladan, avtotransport vositalari yordamida chiqarib tashlash holatlari yildan-yilga ortib borayotganligi achinarli hol.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda respublikamizda turli soha va tarmoqlarda, shuningdek, shaxsiy uy-joylarda qurilish va ta’mirlash ishlarining ko‘lami nihoyatda kengayganligi munosabati bilan mamlakat miqyosida katta miqdorda qurilish chiqindilari hosil bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish bilan bog‘liq jarima miqdorlarini oshirish, shu bilan birga, moddaning tegishli qismiga huquqbuzarlikni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilish belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi orqali fuqarolarning ekologiya va atrof-muhitni asrash borasidagi mas’uliyatini yanada oshirishga hamda mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga erishiladi.
Bundan tashqari, mazkur qonun bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunga ham o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Xususan, tugatilgan tashkilotlar arxiv hujjatlarini tegishli arxivlarga, shu jumladan, nodavlat arxivlarini ham istisno qilmagan holda topshirish bilan o‘zgartirilmoqda.
Shu bilan birga, davlat arxivlari binolarini arxivlar tasarrufidan chiqarish normasi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonunning hayotga tatbiq qilinishi jamiyatimizning ko‘pgina sohalariga ijobiy ta’sir qiladi. Xususan, mazkur qonun maktabgacha ta’lim tizimini muvofiqlashtirish, jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, daraxtlar va boshqa o‘simliklarni g‘ayriqonuniy nobud qilinishining oldi olinishi, chiqindilarni tashlashni tartibga solish orqali fuqarolarning atrof-muhitni asrash borasidagi mas’uliyatini yanada oshirishga hamda ekologik vaziyatni yaxshilash, yer osti boyliklari bilan ishlashni tizimlashtirish, hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirishni yanada soddalashtirilishida dasturilamal bo‘ladi. Shuningdek, aholining ishsiz qatlamini ish bilan ta’minlash, davlat va nodavlat arxivlarida hujjatlar bilan sifatli ishlanishi, giyohvandlik bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida kannabis o‘simligini yetishtirish va muomalada bo‘lishi sohasining rivojlanishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng mamlakatimiz maxsus iqtisodiy zonalarining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Muhokamada ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi bandligini oshirish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda maxsus iqtisodiy zonalar muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
So‘nggi to‘rt yil ichida qonun hujjatlarini takomillashtirish va qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha ko‘rilgan muhim chora-tadbirlar tufayli 13 ta mintaqada 21 ta maxsus iqtisodiy zona va 143 ta kichik sanoat zonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublikadagi maxsus iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,91 mlrd. AQSH dollariga teng 368 ta loyiha ro‘yobga chiqarildi, shundan 726,8 mln. AQSH dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etadi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish yakunlariga ko‘ra, 29 351 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bundan tashqari, majlisda Markaziy Osiyoda rivojlanishning hozirgi bosqichida milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha raqobat kuchayayotgani qayd etildi. Mintaqadagi beshta davlatdan to‘rttasida maxsus iqtisodiy zonalar ochilib, hozirda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Tahlillar ushbu maxsus iqtisodiy zonalar qator geosiyosiy, soliq va bojxona ustunliklariga ega ekanligini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini o‘rganish paytida aniqlangan salbiy faktlar Senat a’zolarining jiddiy tanqidlari va xavotirlariga sabab bo‘ldi.
Jumladan, mamlakatimizdagi maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish, investorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida qo‘mita tezlikda hal qilishni talab qiladigan bir qator muammoli nuqta va kamchiliklarni aniqladi.
Birinchi navbatda, bu normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshilik va nomuvofiqliklar, shuningdek, ularning davlat organlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan talqin etilishidir. Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirishga doir uzoq muddatli strategiyaning yo‘qligi, vakolatli davlat organlari tomonidan investitsiya arizalarini ko‘rib chiqish jarayoni cho‘zilib ketishi, asossiz byurokratik to‘siqlar va ma’muriy cheklovlarning mavjudligi shular jumlasidan.
Muhokama doirasida senatorlar maxsus iqtisodiy zonalar hududida vakolatli davlat organlari tomonidan hozirgi vaqtga qadar muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr energiyasi, gaz, sovuq suv, kanalizatsiya) va ijtimoiy infratuzilma sifati, xorijlik investorlar, ishchilar va ularning oila a’zolari uchun ko‘p martalik vizalar olishning soddalashtirilgan tartibi bilan bog‘liq masalalar hal etilmaganligini qayd etdi.
Bundan tashqari, davlat rahbari tashabbusi bilan yaratilgan qulay shart-sharoitlarga qaramay, maxsus iqtisodiy zonalar, afsuski, xorijiy investorlar va tadbirkorlarni o‘ziga jalb etuvchi markazlarga aylanmaganligi, ular tomonidan ilg‘or texnologiyalar asosida innovatsion loyihalar kutilgan darajada amalga oshirilmaganligi tanqid ostiga olindi.
Shu jihatdan mamlakatimiz maxsus iqtisodiy zonalarining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish haqida Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.
Shundan keyin nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Joriy yil 6 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohaga oid dolzarb muammolar ko‘tarilib, xalqimiz salomatligini mustahkamlash maqsadida mutasaddilarga muhim topshiriqlar berilganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
So‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlab, bosqichma-bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda davom ettirilishi barobarida, birinchi navbatda, sog‘lom ona – sog‘lom bola tamoyilini amalda ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rish, farzandlarimizni turli xil kasalliklardan asrab-avaylash, ularning salomatligini har narsadan afzal bilish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Tadqiqotchilarning fikricha, insonning 3 yoshidan 22 yoshigacha bo‘lgan davrida davlat tarafidan ta’lim va salomatlikka yo‘naltirilgan investitsiya 19-22 barobar ko‘p bo‘lib qaytar ekan.
Yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida, avvalo, bo‘lg‘usi ota va onalar sanalgan nikohlanuvchi yigit-qizlarning reproduktiv salomatligi muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda har yili o‘rtacha hisobda 300 mingdan ziyod nikoh qayd etilayotgan bo‘lsa, 600 mingdan ortiq kishi nikoh oldi tekshiruvidan o‘tadi.
Nikohdan ajralishlar soni yoshlar orasida barqaror o‘sib borib, 2015-2019 yillarda jami 29,3 mingtadan 31,4 mingtagacha oshdi. Oilaviy ajralishlarning sabablari o‘zaro shaxsiy munosabatlardagi kelishmovchiliklar, bepushtlik, nogiron bolalar tug‘ilishi, er yoki xotinning surunkali kasalligi bilan ham bog‘liq.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi ayrim kamchiliklar, yoshlarning tibbiy madaniyati darajasi yetarli emasligi sababli 2019 yilda 3357 nafar, 2020 yilning 6 oyi davomida 4075 nafar bir yoshgacha go‘daklar o‘limi qayd etilgan. Bu holatga irsiy kasalliklar hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikoh ham sabab hisoblanadi.
Aynan shunday vaziyatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish hajmi va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Shu maqsadda 2003 yil 23 avgustda Hukumatning “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 365-sonli qarori qabul qilingan.
Biroq nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikdan o‘tishdagi tizimli muammolar mavjudligi, yoshlarning munosabati jiddiy emasligi, tibbiy ko‘riklar formal o‘tkazilishi, shifoxonalarda tegishli mutaxassislar hamda moddiy-texnika bazasi yetarli emasligi kelgusida oilalarning mustahkamligiga hamda tug‘ilayotgan farzandlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2019 yil respublikaning 8 ta hududida 842 nafar respondent ishtirokida nikohgacha bo‘lgan tibbiy ko‘rik yuzasidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari ham sohadagi muammolarni yaqqol ko‘rsatdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra respondentlarning 88,1 foizi o‘z xohishi bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishini, qolgan qismi kasalliklarni to‘liq aniqlay olmasligi sababli tibbiy ko‘rikdan o‘tish istagi yo‘qligini bildirgan. Ishtirokchilarning 80 foizi tibbiy ko‘rikdan qator muammolar bilan o‘tganligini, xususan, 42,5 foizi tibbiy ko‘rik juda ko‘p vaqt olishini ma’lum qilgan.
Jumladan, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati yetarli emasligi va ularning malakasi talab darajasida emasligi, tibbiy ko‘rikka oid ayrim kasallikni yashash joyi bo‘yicha o‘tish imkoniyati yo‘qligi, shuningdek, ayrim hollarda korrupsion holatlar mavjudligi kabi muammolar aytib o‘tilgan.
Senatorlar tomonidan nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda xolislik va sifati ustidan nazorat qilish tizimini takomillashtirish, tibbiy ko‘rikni o‘tkazishda hududiylikka amal qilish, nikohlanuvchilarga tibbiy-genetik va reproduktiv salomatlikka oid masalalarda bepul maslahatlar berish, shifokorlar va FHDYO organlari xodimlarining mas’uliyatini oshirish, ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar faoliyatini monitoring qiluvchi yagona tashkilotni belgilash takliflari ilgari surilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish haqida Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.
So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Aholi bilan muloqotlar, ularning murojaatlari, joylardagi o‘rganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili ushbu sohada hali ham qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizning gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarni xavfsiz hududga ko‘chirish yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli gidrometeorologik va geologik xavfli hududlardagi 602 ta xo‘jalikdan 117 tasi, ushbu xo‘jaliklarda istiqomat qilayotgan 2476 nafar fuqarodan 624 nafarini xavfsiz hududga doimiy yashash uchun ko‘chirish lozimligi aniqlangan bo‘lsa-da, birgina 2020 yil o‘n oy yakuniga ko‘ra faqatgina 9 ta xo‘jalikning 59 nafar fuqarosi doimiy yashash uchun xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan xolos. Qolgan xo‘jaliklar esa vaqtinchalik yashash uchun xavfsiz hududga ko‘chirilgan. Bu degani vaqtinchalik ko‘chirilgan fuqarolar xavfli hududga qaytib borib, yashashni davom ettiradi.
2019 yilda esa doimiy yashash uchun ko‘chirilishi lozim bo‘lgan 113 ta xo‘jalikning 569 nafar fuqarosidan 34 ta xo‘jalikning 132 nafar fuqarosi xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan xolos.
Bundan tashqari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin bo‘lgan joylardagi sanoat va xo‘jalik qurilishlarining loyihalarini Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati bilan kelishishi belgilangan bo‘lsa-da, viloyat hokimliklari tomonidan 2019-2020 yillarda tog‘ va tog‘ oldi hududlarida tadbirkorlik faoliyati, uy-joy qurish uchun Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xulosalarisiz yuzlab yer ajratish holatlari kuzatilgan.
bugungi kunda tog‘ va tog‘ oldi hududlarida Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xulosalarisiz qurilgan sanoat va xo‘jalik ob’ektlarining soni haqidagi aniq ma’lumotlar hech bir mutasaddi idoralarda mavjud emasligi aniqlangan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy ob’ektlarni toshqin suvlari, sel oqimlari va ko‘chki hodisalaridan muhofaza qilish maqsadida mutasaddi idora rahbarlariga kiritilgan taqdimnoma va ko‘rsatmalarga yuzaki yondashish, ijrosini to‘liq ta’minlanmaslik holatlari mavjud.
Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqarmalari xodimlari tomonidan mutasaddi idora rahbarlariga 2019 yilda kiritilgan 251 ta taqdimnomaning 152 tasi, ya’ni 60 foizi, 2020 yilning 10 oyi davomida esa kiritilgan 307 ta taqdimnomaning 206 tasi, ya’ni 67 foizi inobatga olingan xolos.
Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan 2020 yilda kiritilgan 41 ta ko‘rsatmaning 6 tasi ijrosi bajarilmagan, 18 tasining ijrosi esa qisman bajarilgan.
Bu kabi kamchiliklar Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta’minlamagan mutasaddilarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Bundan tashqari, toshqinga qarshi hududiy komissiyalar tomonidan hududiy manzilli dasturlar shakllantirilishi belgilangan bo‘lsa-da, manzilli dasturlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ya’ni muxandislik-himoya ishlari uchun tegishli hokimliklar va Moliya vazirligi tomonidan yetarli miqdorda mablag‘lar ajratilmay kelinmoqda.
Muhandislik-himoya tadbirlari o‘z vaqtida olib borilmasligi oqibatida qirg‘oqlari mustahkamlanishi, damba tiklanishi lozim bo‘lgan hududlar kengayishiga, toshqin suvlari va sel oqimlari xavfi ortishiga shu hududlarda istiqomat qiluvchi aholining haqli e’tirozlari, shuningdek, ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlaridagi harajatlarning keskin ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Birgina misol: Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani “Ketmon” MFYga qarashli Oktam mahallasi aholisini muhofaza qilish uchun Boysun-Okkapchig‘oy soyining qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari bo‘yicha 2019 yilda zarur bo‘lgan 1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilmagan, shu ishlar uchun 2020 yilda zarur bo‘lgan mablag‘ 2 mlrd. so‘m bo‘lgan lekin ajratilmagan, endilikda mazkur ishlarni 2021 yilda bajarish uchun 3 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilib, dasturga kiritilgan.
Daryolar va soylardan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qum-shag‘al qazib olinishi natijasida daryo va soy o‘zanlari chuqurlashib, suv oqimlari tezlashib, o‘zanlari o‘zgarishi oqibatida qirg‘oqlar yuvilishi, dambalar buzilishi, ko‘priklarning tayanch ustunlari yemirilishi kuzatilib, daryo qirg‘og‘iga yaqin masofada yashovchi aholi xonadonlari va iqtisodiyot ob’ektlariga xavf yuzaga kelmoqda, avtomobil ko‘priklari muddatidan oldin avariya holatiga kelib qolmoqda.
Buning natijasida Andijon, Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hududidan oqib o‘tuvchi daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida 300 ga yaqin aholi xonadonlariga xavf yuzaga kelgan.
Shuningdek, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 26 ta magistral yo‘llardagi ko‘priklarning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan.
Qolaversa, toshqin suvlari, sel oqimlaridan zarar ko‘rgan mahalliy yo‘llardagi ichki ko‘priklarni ta’mirlash, qayta tiklashda muammolar mavjud.
2019-2020 yillarda respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik mavsumida sel oqimlari natijasida mahalliy yo‘llardagi ichki yo‘llarning 31 ta joyida yo‘l qoplamalariga hamda 90 ta ichki avtomobil ko‘priklariga yetkazilgan zarar bo‘yicha mahalliy byudjetda mablag‘ yetishmasligi sababli shu kunga qadar ta’mirlanmagan.
Bundan tashqari, “O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining daryo o‘zanlari va kanallardan ochiq holatda kesib o‘tgan uchastkalari yaqinida tashkil etilgan noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlari natijasida mazkur daryo o‘zanlarining o‘zgarishi daryodan kesib o‘tuvchi magistral gaz quvurlarning tirgaklarini ushlab turuvchi qirg‘oqlarning yuvilib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu holatlar o‘z navbatida magistral gaz quvurlari ochiq holatda kesib o‘tgan daryo va kanallar qirg‘oqlarini tiklash va qurilish ishlariga katta mablag‘larni sarf bo‘lishiga olib kelmoqda.
Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari himoyasini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Tashqi mehnat migratsiyasi sohasida tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda ishga qabul qilish va jalb etish tizimini takomillashtirish maqsadida Hukumat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator farmon va qarorlari ishlab chiqilib, tasdiqlangan.
Xususan, joriy yil 15 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Ushbu qaror bilan fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish amaliyotini samarali yo‘lga qo‘yish, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro tan olinadigan sertifikatlarni berish, shuningdek, xorijda murakkab sharoitga tushib qolgan mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash amaliyotini kengaytirish, ular uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari tasdiqlangan.
Senatorlar tomonidan sohadagi muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etishda aynan ushbu hujjatda belgilangan dasturiy chora-tadbirlarni izchil hayotga tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, tashqi mehnat migratsiyasi sohasiga oid axborotlarning tezkor aylanishini ta’minlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ijtimoiy tarmoqlarda (telegram, facebook) rasmiy axborot kanallari ishga tushirilgan hamda migratsiya xizmatlarini taqdim etuvchi mobil ilovalardan tashkil topgan “labormigration.uz” dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga, yalpi majlisda mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoyasining samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan tizimli kamchilik va muammolar ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining shartnoma-huquqiy asosini tashkil etuvchi asosiy hukumatlararo bitimlarning Rossiya Federatsiyasi hududida to‘liq amal qilinishini ta’minlash bo‘yicha ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli haligacha fuqarolarni tashkiliy asosda ishga qabul qilish darajasi pastligicha qolmoqda. Majlisda ushbu ko‘rsatkich 10 foizdan kam ekanligi ta’kidlandi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Tashqi ishlar vazirliklarining ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonalari salohiyatidan samarali foydalanishda qator kamchiliklar kuzatilayotganligi ham qayd etildi.
Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi muammolarni hal qilishda parlamentlararo hamkorlik salohiyatidan unumli foydalanish hamda ushbu masalani O‘zbekiston – Rossiya parlamentlararo komissiyasi doirasida tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Muhokama yakunida Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Tashqi ishlar vazirliklariga qayd etib o‘tilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, ikki tomonlama bitimlarning sifatli ijrosiga alohida e’tibor qaratish tavsiya etildi hamda tegishli chora-tadbirlar dasturlarini qabul qilish lozimligi ta’kidlandi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovida bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, yer uchastkalari va bino-inshootlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va samarasiz foydalanilayotgan resurslarni qonun hujjatlariga muvofiq zaxira yerlar toifasiga qaytarish va boshqa muammolar ko‘tarilgan edi. Ushbu masalalarni hal qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi yalpi majlisda alohida qayd etildi.
Shuningdek, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini tartibga solish mexanizmini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, joriy yilning iyul-avgust oylarida regulation.gov.uz portaliga umumxalq muhokamasi uchun joylashtirilgan. Mazkur loyihada nazarda tutilgan vazifalar parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarni tizimli ravishda hal qilishga qaratilgan. Biroq bugungi kunga qadar mazkur qaror loyihasi qabul qilinmaganligi senatorlar tomonidan aytib o‘tildi.
“Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari” o‘tgan asrning 80-yillariga qadar shaharlar hududida joylashgan, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilib kelgan yirik sanoat korxonalari, tashkilot va muassasalar ishchi-xodimlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida tashkil etilgan.
Biroq keyingi yillarda ushbu xo‘jaliklar bu funksiyani deyarli bajarmay qo‘ydilar. Bugun dala hovlilarning aksariyati avvalgidek dam olish kunlari borib, ekin ekadigan joylar emas, balki yil davomida yashab, ro‘zg‘or tebratadigan joylarga aylanganligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, ko‘pchilik dala hovlilardan, bu ayniqsa, Toshkent viloyati va boshqa hududlardagi tog‘ va tog‘ oldi hududlarda kuzatiladi, tijorat maqsadlarida foydalanilmoqda. Nomini so‘rasangiz, dala hovli, aslida esa mehmonxona, choyxona, kafe va boshqa shu kabi maishiy xizmat joylari ekanligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati a’zoligiga qabul qilish va undan chiqarish tartibiga rioya qilinmayapti. Shirkat boshqaruvi bilan bog‘liq korporativ nizolar ko‘paygan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hujjat loyihasida nazarda tutilgan bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari uchun ajratilgan yer uchastkalarida joylashgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid qoidalar qonun hujjatlariga zid ekanligi borasida jiddiy e’tirozlar bildirilgan. Qolaversa, loyihaning ayrim bandlarini qayta ko‘rib chiqish lozimligi hamda mazkur hujjat loyihasini taklif etilgan tahrirda qabul qilishning maqsadga muvofiq emasligi ham aytilgan. Bu esa mazkur masala yuzasidan joyiga chiqqan holda puxta va jiddiy o‘rganishlarni amalga oshirish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagilarga asosan bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini kompleks o‘rganish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash, bartaraf etish va sohani tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 13 noyabrdagi 490-f-sonli farmoyishi qabul qilingan.
Mazkur farmoyish bilan shirkatlar faoliyatini kompleks o‘rganish maqsadida respublika ishchi guruhi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) ishchi guruhlarining namunaviy tarkibi tasdiqlangan.
Shu jihatdan yalpi majlisda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududida qurilgan imoratlarni turar joy toifasiga o‘tkazishning ochiq va shaffof mexanizmlarini joriy etish lozimligiga alohida urg‘u berildi. Bunday shirkatlar joylashgan hududlarda ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyatini aholining real soniga mutanosib ravishda rivojlantirish, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish zaruratiga ham e’tibor qaratildi.
Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisi kun tartibidagi navbatdagi masala – mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etishda yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama marazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, butun dunyo bo‘ylab hukm surayotgan COVID-19 koronavirus pandemiyasi inson salomatligini saqlashda chiniqish, immunitet mustahkamligi qanchalar muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor isbotladi.
Dori-darmonlar sifatini va ta’sirchanligini oshirish, virusga qarshi vaksina yaratish kabi choralar ham o‘z yo‘liga, lekin sog‘lom turmush tarzini kundalik qoidaga aylantirish orqali aholi salomatligini mustahamlash muhimligini bugun butun dunyo davlatlari bir ovozdan ma’qulladi.
Shuning uchun so‘nggi yillarda yurtimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning sog‘lom hayot kechirishlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 30 oktyabrda imzolangan “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni buning yorqin tasdig‘idir.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida tuman (shahar) va mahallalarda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish infrastrukturasi shakllantiriladi. Xususan, 9146 ta mahallada 18292 ta jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport maydonchasi, 204 ta tuman (shahar)da salomatlik va velosiped yo‘laklari bunyod etiladi.
Majlisda Senat tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish yuzasidan hukumatga parlament so‘rovi yuborilgani qanchalar o‘rinli va dolzarb masala bo‘lgani alohida ta’kidlandi.
Yuborilgan so‘rov Vazirlar Mahkamasining Rayosatida muhokama qilingani va tegishli choralar ko‘rilgani haqida ma’lumot berildi.
bugungi kunda Respublikada mavjud 51 651 ta sport inshootlarining bir kunlik mashg‘ulotlar o‘tkazish quvvati 2,1 mln. tani tashkil etadi. Ularning 417 tasi stadion, 10 863 tasi sport zali, 316 tasini suzish havzasi, 182 tasi otish tiri, 39 841 tasi sport maydonchasi, 8 tasi otchopar va 24 tasi sport manejidan iborat.
Hududlarda joylashgan ochiq sport ob’ektlari hamda istirohat bog‘larida aholining yugurish, yurish, badantarbiya va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun 5 447 ta mahallaga 7 905 nafar trener biriktirilgan.
Investitsiya dasturi asosida hozirgacha 68 ta sport inshooti foydalanishga topshirilgan. 2020 yilda 44 ta sport inshootini foydalanishga topshirish yuzasidan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur inshootlarning foydalanishga topshirilishi natijasida bir kunda qo‘shimcha 13 493 nafar aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Karantin davrida aholi, xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan onlayn sport musobaqalarida 326 000 dan ortiq aholi jalb etilgan. Shuningdek, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda “yashil” hududlarda sportning 42 ta turi bo‘yicha sport tadbirlari hamda badantarbiya mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan.
Majlisda senatorlar Prezidentimizning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini to‘liq nazorat qilish hamda COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan karantin cheklovlari sababli faoliyat olib bormagan sport to‘garaklarida kelgusida qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazish va bunda ularga qancha yoshlar jalb etilgani, mazkur to‘garaklarning xizmat ko‘rsatish narxi aholi real daromadiga muvofiqligi, kambag‘al oilalar vakillariga sport mashg‘ulotlari uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish masalasi qo‘shimcha o‘rganilib, Senatning 2021 yildagi yalpi majlislarida muhokama etilishiga kelishib olindi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, biznes yuritishlari uchun qulay muhit va keng imkoniyatlar hamda kafolatlar berish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayollarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish – ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning eng muhim jihatlaridan biri. Xususan, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida uzoq muddat bola parvarishida bo‘lgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirganlariga ko‘maklashilib, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berilgan. Natijada joriy yilda 99,1 ming nafar ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan, 11,5 ming nafari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitilgan. Ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarning 412,1 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.
Shu bilan birga, majlisda senatorlar sohada o‘zining yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjudligini ta’kidladi.
Xususan, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun ularning tijorat banklari kredit resurslaridan foydalanishida ham bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, 2020 yilda Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi tomonidan tegishli kredit resurslari yo‘naltirilgan. Ammo aksariyat hollarda, tadbirkor ayollarga jamg‘arma tomonidan ajratilgan mablag‘lar tijorat banklari tomonidan o‘z vaqtida berilmagan.
Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim muammoli masalalar Vazirlar Mahkamasining ma’lumotida to‘liq yoritilmagan. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlarning samarali hamkorligini ta’minlash, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlar qatlamini aniqlash va ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha tasdiqlangan manzilli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kabi masalalar shular jumlasidan.
Yalpi majlisda sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.Ramatovga chiqindilar bilan bog‘liq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ushbu tizimni yanada takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalar qo‘llaniladigan ishlab chiqarishlarni joriy etish, sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish yangi tartibi joriy qilindi.
Shunga qaramay, sohani muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi yagona davlat organining mavjud emasligi, chiqindilarni saqlash, poligonlarga joylashtirish va ularni yo‘q qilishga yetarlicha e’tibor berilmaganligi tufayli sohada qator muammolar saqlanib qolayotganligi senatorlar tomonidan alohida ta’kidlandi.
Xususan, qurilish chiqindilarini joylashtirish poligonlari tashkil qilinmaganligi natijasida ularni avtomobil yo‘llari yoqalariga, suv ob’ektlarining muhofaza zonalariga va boshqa qarovsiz hududlarga tashlab ketish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Tibbiyot va biologik chiqindilarni xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda utilizatsiya qilish borasidagi muammolar saqlanib qolayotgani aholi orasida turli yuqumli va boshqa turdagi kasalliklar tarqalish xavfini tug‘dirmoqda.
Bu borada mutasaddilar aybdorlarga nisbatan kerakli choralarni ko‘rmasdan jarimaga tortish bilan cheklanib qolishmoqda.
Maishiy chiqindi poligonlarining atrofini o‘rash bo‘yicha ishlar talab darajasida olib borilmagan, poligonlar rekultivatsiya qilinmasdan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Maishiy chiqindilarni ko‘mishga mo‘ljallangan sanitariya va ekologik me’yorlar talablariga javob bermaganligi sababli 51 ta (umumiy maydoni 282,3 gektar) poligon faoliyat olib bormayapti.
Shu jihatdan senatorlar “Chiqindilar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini yangi tahrirda qabul qilish, sanoat va maishiy chiqindilarni qayta ishlash, utilizatsiya qilish va poligonlarini sanitariya va ekologik me’yorlar talabi asosida tashkil qilishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, bu borada mutasaddi tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish zarurligi ham bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati