Uchrashuvda turli sohalarda o‘qiyotgan va ishlayotgan yoshlarning fikrlari eshitildi. Takliflari ma’qullanib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Yoshlar markazida bo‘lib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Shu yerda qashqadaryolik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
– Men sizlarning ko‘zlaringga qarab, ochiq muloqot qilgani keldim. Hamma yoshlar bilan ko‘rishishni xohlardim, lekin, afsuski, buning iloji yo‘q. Siz ularning vakillari o‘rnida joylardagi muammolarni, yoshlar istaklarini aytishingizni istardim. Shuning uchun qo‘rqmasdan, o‘z ota-onalaringga nima deyishni xohlasalaring, hamma fikrlaringni bemalol aytinglar, – dedi davlat rahbari.
Uchrashuvda yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyatida 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha pastda ekani qayd etildi.
Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yillik rejaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari muboraklik yoshlarning taklifini qanoatlantirib, tumanda IT-park tashkil etish, elektron tijorat va dasturlash ko‘nikmalarini bepul o‘rgatish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.
Kitob tumanidagi 150 o‘rinli Bolalar musiqa va san’at maktabida 310 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Mazkur muassasa o‘quvchilari uchun yetarli sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.
Viloyat yoshlarining sportga qiziqishini inobatga olib, maktablarda sport zallari qurish, majmualarda to‘garaklarni ko‘paytirish zarurligi aytildi. Inventarlar va anjomlar sotib olish uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hisobidan 10 milliard so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.
Yaqinda Serbiyada o‘tgan sambo bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi Musharraf Ibodullayeva davlat granti asosida o‘qishga o‘tkaziladigan bo‘ldi.
– Mendan eng katta maqsad-muddaoing, baxting nima, deb so‘rasalaring, shunday degan bo‘lardim: yoshlarimizning dunyoqarashini jahon darajasiga ko‘tarish, ishli qilish, g‘urur-iftixorini yuksaltirish, oilaviy baxtini ko‘rish, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.