Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Jumladan, Yig‘ilishda birlamchi bo‘g‘in muassasalarida 20 mingdan ziyod vrachlik shtati mavjud bo‘lsa-da, 12 ming nafar shifokor ishlayotgani, ya’ni bir shifokorga 1,7 stavka ish yuklamasi to‘g‘ri kelayotgani ma’lum qilindi. Umumiy amaliyot shifokori kasbi tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun jozibador emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu sababli, shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi bo‘g‘in – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish yuzasidan topshiriqlar berildi. Buning uchun, olis va chekka hududlardagi birlamchi bo‘g‘in tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi.

“Qishloq shifokori” dasturiga muvofiq olis va chekka hududlardagi birlamchi bo‘g‘in tizimiga ishga qabul qilingan tibbiyot xodimlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i, xizmat uy-joyi bilan ta’minlash yoki ijara to‘lovini kompensatsiya qilish va ikki yilda bir marotaba sihatgohga bepul yo‘llanma beriladi.

 

O‘zA