Mamlakatimiz tibbiyot tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev birlamchi bo‘g‘inda kadrlarga juda katta ehtiyoj mavjudligini ta’kidladi.
– Birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot xodimlarini kasbga o‘qitish, malakasi, lavozimini oshirish hamda ishga rag‘batlantirish tizimining yo‘qligi tufayli ayni kunlarda 8 mingga yaqin (40 foiz) shifokorga talab mavjud. Hududlarda 85 ta oilaviy poliklinika va 315 ta qishloq vrachlik punktlarini tashkil etishga ehtiyoj bor, – dedi davlat rahbari.
Tahlillarga ko‘ra joylarda shifokorlarga murojaat qilgan oilalarning 43 foizi ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun pul to‘lagan. Yig‘ilishda bu sohadagi eng og‘riqli va achinarli masala ekani ta’kidlandi.
– Qaysi viloyat, tuman yoki shahar hokimi o‘z hududida bu masalalarni muhokama qilib, tibbiyot sohasiga mas’ul rahbarlarni ishdan oldi yoki vazirlikka masala ko‘tardi? Yuqoridagi va boshqa ko‘plab muammolar bilan tizimli shug‘ullanib, ularni hal qilish orqali xalqimizni rozi qilish uchun kuni kecha Sog‘liqni saqlash tizimiga yangi rahbarlar tayinlandi, – dedi davlat rahbari.
Prezident endi tibbiyot sohasiga e’tibor mutlaqo boshqacha bo‘lishi, joylardagi mutasaddilar tibbiyot sohasi rahbarlarini yig‘ilishlarga chaqirmaslik va boshqa ishlarga jalb qilmaslik bo‘yicha topshiriq berdi.
– Endi vazirlik faoliyatiga, uning kadrlar masalasiga hech kim aralashmaydi. Vrach, kasalxona, poliklinikalar bosh shifokorlarlari yoki boshqa tibbiyot xodimlari birorta qo‘shimcha ishga jalb qilinmaydi, – dedi Shavkt Mirziyoyev.
O‘zA