Bu sohadagi tizimli oʻzgarishlar davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan boshlangan edi. Hujjatga muvofiq, Energetika vazirligi tashkil etilib, sohada boshqaruv va tijorat funksiyalari ajratildi.
Shuningdek, 2019-yil 27-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida elektr energetika tarmogʻini yana-da rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan sobiq “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati negizida 3 ta yoʻnalish boʻyicha alohida kompaniyalar – “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.
Energetika sohasiga xususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun zamin yaratildi. Natijada bir yilning oʻzida davlat-xususiy sheriklik asosida 2 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilish, 2 ming 700 megavatt quvvatli 6 ta yangi elektr stansiyasini qurish boʻyicha loyihalar boshlandi.
Endi oldinda transformatsiyaning yangi bosqichi, yaʼni, stansiyalarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkorlikni oshirish, tannarxni pasaytirish va istiqbolda elektr energiyasining raqobatli bozorini yaratish vazifalari turibdi.
Yigʻilishda shu yoʻnalishlardagi muhim chora-tadbirlar muhokama qilindi. Avvalo, korxonalarni modernizatsiya qilish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori. Bundan tashqari, eski quvvatlarda yoqilgʻi sarfi yangi bugʻ-gaz qurilmalariga nisbatan 2 baravar ziyod.
Shu bois modernizatsiya ishlarini davom ettirish, lekin buni oldingidek davlat kafolati hisobiga emas, balki xususiy kapitalni jalb qilish orqali amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni jahon standartlari asosida tayyorlash tizimiga oʻtish kerakligi taʼkidlandi.
Bu xalqaro kredit reytingi olish, kelgusida yevroobligatsiyalar chiqarishda muhim omil boʻladi. Mutasaddilarga shu maqsadlardan kelib chiqib, mazkur 4 ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Transformatsiya jarayonlariga koʻmaklashish uchun korxonalar boshqaruviga va kuzatuv kengashlariga chet ellik mutaxassislar jalb qilinishi boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Hozirda elektr energiyasi ulgurji bozori qoidalari belgilanmagani sababli investorlar bilan energiyani qatʼiy narxlarda xarid qilish boʻyicha uzoq muddatli shartnomalar imzolanmoqda. Bunday yondashuv kelgusida raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin. Shu bois elektr energiyasi raqobatli bozoriga oʻtish bosqichlari va qoidalarini belgilovchi hujjat ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Sohaga ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish, “raqamli transformatsiya”ni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda yangi loyihalarning ijrosiga ham eʼtibor qaratildi. Maʼlumki, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda quyosh, Buxoro va Qoraqalpogʻistonda shamol, Sirdaryo va Surxondaryoda issiqlik elektr stansiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni jadallashtirish, ularga davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalar yoʻnaltirish muhimligi aytildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar hisobot berdi.
O’zA