Siz azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi qutlugʻ ayyom – Oʻzbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
1989-yil 21-oktyabrda, gʻoyat murakkab ijtimoiy-siyosiy sharoitda yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi milliy mustaqillik sari qoʻyilgan muhim qadam boʻlganini barchamiz yaxshi eslaymiz.
Jamoatchiligimiz, xalqimizning xohish-istaklarini inobatga olib, ushbu tarixiy sanani Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida belgilash toʻgʻrisida qonun qabul qilganimizdan hammangiz xabardorsiz. Bugun mamlakatimizda birinchi marta keng nishonlanayotgan ana shu bayram maʼnaviy hayotimizdan mustahkam va munosib oʻrin oladi, deb ishonaman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi kunda biz yangi Oʻzbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.
Chunki, necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol oʻtib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qaygʻurish –
bu millatning oʻzligini anglashi, uning maʼnaviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir. Davlat tilining obroʻ-eʼtibori – butun xalq, butun jamiyatning obroʻ-eʼtiboridir.
Hozirgi vaqtda yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Koʻplab taʼlim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari oʻzbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida faoliyat koʻrsatmoqda. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan hamda taʼlim chet tillarda olib boriladigan taʼlim muassasalari soni oshib bormoqda.
Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy oʻquv yurtida oʻzbek tili va adabiyoti oʻrganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda.
Kuni kecha Afgʻoniston Islom Respublikasida Oʻzbek tili kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlari birinchi marta davlat miqyosida nishonlanganini mamlakatimiz jamoatchiligi, butun oʻzbek xalqi katta mamnuniyat va xursandchilik bilan olqishladi.
Fursatdan foydalanib, qardosh Afgʻoniston davlati rahbariyatiga oʻzbek tiliga rasmiy til maqomini berib, unga koʻrsatayotgan yuksak eʼtibor va hurmati uchun yana bir bor chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu koʻhna zaminda yashayotgan barcha millatdoshlarimizni bugungi qutlugʻ bayram bilan el-yurtimiz nomidan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Mamlakatimizda oʻzbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi oʻrni va nufuzini yana-da mustahkamlash borasida oldimizda katta va masʼuliyatli vazifalar turibdi.
Shu maqsadda “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasining yangi tahriri hamda shu munosabat bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihalari tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritildi.
Xabaringiz bor, kuni kecha “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni imzolandi.
Farmonga muvofiq, oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash, Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.
Farmon ijrosini taʼminlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida toʻliq davlat tilida ish yuritish boʻyicha boshlagan ishlarimizni kuchaytirishimiz kerak.
Shu munosabat bilan bu borada motivatsiya omillarini kuchaytirish, maxsus darslik, lugʻat va qoʻllanmalar, video va audiomateriallar, zamonaviy oʻqitish uslublarini keng joriy etish muhim ahamiyatga ega.
Atoqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir.
Shu maʼnoda, Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.
Men mana shunday qarash va tushuncha har bir yurtdoshimizning hayotiy eʼtiqodiga aylanadi, bu borada muhtaram ziyolilarimiz, faol yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz barchaga oʻrnak va namuna boʻladilar, deb ishonaman.
Sizlarni Oʻzbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Oʻzbek tilimiz hamisha bezavol yashasin, doimo magʻrur yangrasin!