Koronavirus pandemiyasi koʻpgina rejalarga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Lekin qabul qilingan qarorlar va oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida joriy yilgi byudjet parametrlari ijrosi taʼminlanmoqda. Bu esa pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga 13,4 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirishga imkon berdi.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilgi byudjetni rejalashtirishda pandemiyaning davom etishi, jahondagi iqtisodiy faollik pasayishini inobatga olish kerakligini taʼkidladi.
Yigʻilishda makroiqtisodiy barqarorlik va belgilangan byudjet tushumlarini toʻliq taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Buning uchun 2021-yili iqtisodiyotda kamida 5,1 foiz, jumladan, sanoatda 5,8 foiz, xizmatlar va qurilishda 6,5 foizdan oʻsishga erishish kerak boʻladi. Inflyatsiya darajasi va byudjet defitsitini prognoz koʻrsatkichlaridan oshirmaslik ham muhim.
Mutasaddilarga ushbu vazifalar boʻyicha topshiriqlar berildi. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda 600 ming ish oʻrnini legallashtirish, 53 ta idoraning maʼlumotlar bazasini integratsiya qilish, markirovka qoʻllaniladigan mahsulotlar turini kengaytirish hisobiga byudjetga qoʻshimcha mablagʻlar tushirish mumkinligi aytib oʻtildi.
Yirik korxonalarda ishlab chiqarishni koʻpaytirish ham rejalashtirilmoqda. Misol uchun, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplash hamda hisob-kitobni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish orqali aksiz soligʻidan qoʻshimcha 500 milliard soʻm mablagʻ tushirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, elektr energiyasi bilan ichki bozordagi ehtiyojni uzluksiz taʼminlash hisobiga qoʻshilgan qiymat soligʻidan qoʻshimcha 250 milliard soʻm byudjetga daromad tushishi kutilmoqda.
Energetika vazirligiga shu boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Transport vazirligiga keyingi yili qatnovlarni tiklash, yangi marshrutlarni ochish hisobiga byudjetga tushumlarni 2019-yildagi koʻrsatkichlarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Pandemiya sharoitida ijtimoiy sohaga ajratiladigan xarajatlar joriy yilga nisbatan kamida 15 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, keyingi yilda maktabgacha taʼlim qamrovi darajasini 70 foizga, bunda xususiy sektor ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan. Xalq taʼlimi vazirligiga byudjetdan ajratmalar 16 foizga oshiriladi. Maktablarni tezkor internetga ulash boʻyicha birinchi marta byudjetdan 100 milliard soʻm, jihozlashga 200 milliard soʻm yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida kelgusi yili Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga byudjetdan 2 baravar koʻp mablagʻ yoki 100 milliard soʻm ajratiladi.
Sogʻliqni saqlash sohasiga qariyb 20 trillion soʻm, shundan koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun 3 trillion soʻm hamda dori-darmon xaridiga 1,8 trillion soʻm belgilanishi koʻzda tutilgan.
Ilk bora onkogematologiyaga qariyb 90 milliard soʻm ajratilmoqda. Shuningdek, tamaki savdosidan olingan aksiz soligʻining 7 foizi Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasiga oʻtkazib beriladi. Shu bilan birga, kelgusi yilda birinchi marta gemodializga muhtoj kasallarga tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini 100 foizga yetkazish uchun 130 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda aholi bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kambagʻallikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy nafaqa oluvchi muhtoj oilalar soni joriy yil boshiga nisbatan 2 baravarga oshirilishi belgilandi. Kelgusi yil 1-yanvardan yagona ijtimoiy reyestrni barcha hududlarda ishga tushirib, ijtimoiy nafaqalar ajratish tizimini toʻliq avtomatlashtirish zarurligi qayd etildi.
Tadbirkorlik dasturlari doirasida 3 trillion soʻmdan ortiq subsidiyalar berilishi moʻljallanmoqda. Bundan tashqari, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hamda Jamoat ishlari jamgʻarmasiga 250 milliard soʻmdan mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Yangi ish oʻrinlari ochish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish hisobiga kam taʼminlanganlar sonini qisqartirish zarurligi taʼkidlandi.
Yana bir muhim jihat – kelgusi yili chin yetim bolalarni uy-joy bilan taʼminlash uchun byudjetdan birinchi marotaba 30 milliard soʻm ajratilishi belgilangan. Mutasaddilarga bu borada yangi tartib va roʻyxatlar ishlab chiqish topshirildi.
Byudjetni shakllantirishda mahalliy kengashlar vakolatlarini yana-da kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hududlar oʻzi uchun qoʻshimcha rezervlarni aniqlashi, ularning hisobiga joylardagi muammolarni hal qilishga oʻrganishlari maqsadga muvofiqligi aytib oʻtildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev byudjet xarajatlari ochiq-oshkora boʻlishi, vazirlik va idoralar, hududlar uning har bir soʻmini oqilona sarflashi kerakligini taʼkidladi.
Yana bir muhim masala – moliyaviy intizom va nazoratni kuchaytirish. Moliya vazirligiga tashkilotlarda ichki audit tizimini mustahkamlash, noqonuniy xarajatlar va kamomadlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bundan buyon xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida eʼlon qilish tartibi joriy etiladi va bunga amal qilmagan rahbarlarga jarima qoʻllaniladi. Buni Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlar nazorat qiladi.
Bosh vazir oʻrinbosarlariga keyingi yil uchun markazlashgan, xorijiy va xususiy investitsiya dasturlarini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda mutasaddilar joriy yil yakunigacha va kelgusi yilda byudjet koʻrsatkichlarini taʼminlash boʻyicha mavjud xavf-xatarlar va ularni bartaraf etish borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.