Inson huquqlarini himoya qilish yoʻlida mustahkam hamkorlik

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi “Oʻzbekiston – BMT: muhim tashabbuslar va hamkorlik natijalari” mavzusiga bagʻishlandi.

Bugun Oʻzbekiston oʻz mustaqil taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Bu yoʻlda u jahonning koʻplab mamlakatlari va yirik xalqaro tashkilotlari bilan turli sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa, davlatimizning hozirgi murakkab sharoitda davrimizning eng obroʻli xalqaro tuzilmasi – BMT bilan tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlidagi hamkorlik aloqalari yana-da mustahkamlanib, kundan-kunga faollashib bormoqda.

Ayniqsa, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Joriy yilg 13-oktyabrda Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari Kengashiga oʻz guruhidagi davlatlar orasida eng koʻp ovoz bilan saylandi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashi inson huquqlari borasida eng obroʻli xalqaro tashkilotdir. Kengash dunyoda umuminsoniy huquqlar sohasida barcha masalalarni va vaziyatlarni muhokama qilish vakolatiga ega tuzilmadir.

Taʼkidlash joiz, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga oid umumdavlat dasturida Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari Kengashiga nomzodini koʻrsatish vazifa qilib qoʻyilgan. Va bu 2018-yil Jenevada oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Kengashning 37-sessiyasi kun tartibida aks etgan edi.

2020-yilga kelib, Oʻzbekiston Respublikasi inson huquqlari boʻyicha 80 dan ziyod xalqaro hujjatga, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokollariga qoʻshilib, teng huquqli aʼzo davlatga aylandi.

Sessiyada inson huquqlari sohasiga doir koʻplab muayyan savollarga spikerlar aniq va ravshan javob berdi.

Sodiq SAFOYEV, Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari:

– Oʻzbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo boʻldi. Bu ovoz berish jarayonida Oʻzbekiston eng koʻp ovoz oldi. Bu Vatanimiz, davlatimiz tarixida burilish yasaydigan va shu bilan birga rivojlanishimizning oxirgi 4 yilida olib borilayotgan islohotlarimiz bilan yangi davr boʻsagʻasida ekanligimizni namoyon qiladi.

Oxirgi 4 yil mobaynida bizning mamlakatimiz eng muhim maqsadga erishdi. Oʻzbekistonning xalqaro imidji oʻzgardi. Bu nihoyatda qiyin, xalqaro obroʻ, xalqaro imidj inersion kuch. Uni oʻzgartirish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, bu fundamental ham diplomatiyani, ham ichki siyosatni oʻzgartirish bilan bogʻliq. Biz bugun shuni xulosa qilishimiz mumkin-ki, Oʻzbekistonning rebrendingi, yangi qiyofasi vujudga keldi.

Koʻp yillar mobaynida Oʻzbekistonda inson huquqlari masalasi qandaydir salbiy maʼnoga ega boʻlgan. Huddi inson huquqlarini himoya qiluvchi, muhofaza qiluvchi tashkilotlarga davlatning dushmani sifatida yondashib kelingan. Biz koʻp xalqaro tashkilotlar bilan muloqotni toʻxtatgan edik, Oʻzbekiston ular bilan tizimli muloqotga ega boʻlmagan edi.

Abdulaziz KOMILOV, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri:

– Oʻtgan qisqa davr mobaynida Oʻzbekistonning koʻp tomonlama xalqaro aloqalari sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. Xalqaro maydonda, jumladan, BMTning eng yuqori minbaridan Oʻzbekiston bugun dunyoni tashvishga solayotgan dolzarb masalalar boʻyicha nafaqat munosabat bildiruvchi, balki ularning yechimlari boʻyicha aniq taklif berayotgan, kun tartibi borasida oʻz mavqeiga ega davlat sifatida oʻzini namoyon qilmoqda.

Avvalambor, turli xalqaro tashkilotlarda, katta davlatlar, xalqaro markazlarda qandaydir munosabat tugʻildiki, Oʻzbekiston hech qachon isloh qilinmaydigan davlat, jamiyat. Nega deganda mana shu islohotlarni uch yil oldin boshlagan boʻlsak, undan oldin 20 yil mobaynida biz hech qachon bu tashkilotlar bilan shunday yaqin ishlamagan edik va inson huquqlariga yetarli eʼtibor berilmagan edi. Kengash 20 yil davomida inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekistonga nisbatan eng tanqidiy tashkilot boʻlgan. Shunga qaramasdan, Kengashga aʼzo boʻlishga harakat qildik. Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga saylanishi Vatanimiz mavqeini yana-da kuchaytirdi, obroʻsini oshirdi.

Bugun vaziyat tubdan oʻzgarmoqda. Masalan, Sem Braunbek – AQSHning xalqaro diniy erkinlik boʻyicha favqulodda elchisi va boshqa koʻplab taniqli xorijiy siyosatchilar diniy erkinlikni taʼminlash yoʻlidagi oʻzgarishlarda Oʻzbekiston boshqa mamlakatlar uchun namuna va model boʻlishi mumkin, deya eʼtirof etdi.

Akmal SAIDOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari:

– Soʻnggi 4 yil ichida Oʻzbekistonga BMTning toʻrtta yuqori darajali vakillari kelishdi.Boshida bir nechta tashkilotlar bu xorijiy vakillarni chaqirmaslik kerak, ular tanqid qilib tashlaydi, deb norozi boʻlishgandi. Ammo Prezidentimizning qatʼiy tashabbusi bilan bu saʼy-harakatlar amalga oshirildi. Bu oʻz samarasini bermoqda. 2017-yil mayda BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi, 2017-yil sentyabr oyida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashining din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid janoblari tashrif buyurdi.

2018-yil Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumini oʻtkazishga BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, BMTning Jeneva shahridagi boʻlinmasi bosh direktori Maykl Myoller, 2019-yil oktyabr oyida BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan keldi.

Xelena FREYZER, BMTning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy vakili:

– Oʻzbekistonni BMTning Inson huquqlari boʻyia Kengashiga saylanishi katta sharaf va shu bilan birga katta masʼuliyat. Kimning oldida masʼuliyat deysizmi? Avvalambor, bu Oʻzbekiston xalqining oldidagi masʼuliyat. Qolaversa, butun xalqaro hamjamiyat oldidagi masʼuliyat. Bu degani Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilishda boshqa mamlakatlarga andoza boʻlishini anglatadi. Undan tashqari, Oʻzbekiston inson huquqlarini targʻibot qilishda standart va andozalarni qoʻllab-quvvatlashda yana-da oldinga intilishi maqsadga muvofiq.

Biz Oʻzbekiston hukumati bilan inson huquqlarini taʼminlash sohasida qator loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikda faoliyat olib boryapmiz. Xususan, Nogironlar konvensiyasini ratifikatsiya qilish boʻyicha ishlayapmiz. Shuningdek, hibsga olingan shaxslar huquqini himoya qilish Oʻzbekiston uchun yana bir muhim vazifalardan biridir

Baxtiyor IBROHIMOV, Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili:

– Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo boʻlgani qanday kutib olindi?

Bu yilgi saylov natijalarini eʼlon qilish jarayoni bir muncha boshqacha tarzda amalga oshirildi. Buning asosiy sababi hozir butun jahonni qamrab olgan koronavirus pandemiyasidir. “COVID-19” tufayli hozirgi kunda BMT Bosh qarorgohida oʻtkazilayotgan barcha tadbirlarda qatʼiy ehtiyotkorlik choralari koʻrilmoqda. Shu bois, boʻlib oʻtgan saylovlarda mamlakatlar ovoz berganidan keyin ular vakillarining barchasi Bosh Assambleya zalini tark etib, saylov natijalarini eʼlon qilish jarayonini maxsus BMT veb-saytida kuzatishdi. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashim lozimki, saylov natijalari eʼlon qilinishi bilan bizga yuzdan ortiq xorijiy davlatlarning BMT vakillaridan tabriklar kela boshladi.

Bobur BEKMURODOV, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi:

– Bugun Oʻzbekistonda inson huquqlariga qarash oʻzgardi. Ilgari kimdir oʻz haqqini talab qilib chiqsa, “sen siyosatga aralashma”, deyilardi, qoʻrquv bor edi. Hozir inson huquqlari buzilishi holatlari bor boʻlsa-da, ular siyosiy darajada emas, asosan joylardagi kadrlar masalasi bilan bogʻliq. Muhimi, parlament va hukumat bunday holatlarga befarq boʻlmay, munosabat bildiryapti.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun Oʻzbekistonning demokratik oʻzgarishlarga sodiqligini namoyon qilish, yurtimizda kechayotgan ulkan islohotlar va yangilanishlar davrida, avvalo, inson huquqlarini himoya qilish eng ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Bu borada BMT hamda boshqa xalqaro tuzilmalar bilan faol hamkorlikni olib borish esa, albatta, Oʻzbekistonning milliy manfaatlariga xizmat qiladi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA