Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumani 1968-yilda tashkil topgan.
Tumanning jami maydoni 0,94 ming kv.km (94 ming 391 gektar). Hududda 50,5 ming fuqaro istiqomat qiladi.
Tuman iqtisodiyoti dehqonchilik, chorvachilik sohalariga ixtisoslashgan.
Tumanda sanoat ishlab chiqarish faoliyatiga alohida eʼtibor berilmoqda. Tumanning eksport salohiyatini oshirish maqsadida zamonaviy issiqxona komplekslari barpo qilish zarur. Tumanning meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashganligi inobatga olingan holda, “Samanbay”, “Taxirkol” OFY hududlaridan 20 gektar yer maydonida zamonaviy tipdagi issiqxonalar barpo etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Biroq baʼzi sabablarga koʻra tadbirkorlar oldida sunʼiy toʻsiqlar paydo boʻlgan.
20 gektar yer maydoni issiqxona qurish, mahsulotni saqlash uchun muzlatgich oʻrnatish maqsadida toʻrt tadbirkorga boʻlib berildi. Biroq tadbirkorlar bir necha oydan buyon bankdan kredit olishda byurokratik toʻsiqlarga duch kelmoqda. Banklar goh resurs yoʻqligini, goh tadbirkorlardan turli qoʻshimcha hujjatlarni olib kelishni talab qilayapti. Vaqt oʻtyapti, yer maydoni esa boʻsh yotibdi.
Mazkur muammo 7-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan xalq deputatlari Nukus tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida ham koʻtarildi.
Bank va tadbirkorlar muammosini oʻrganish maqsadida “Ayziya Diyarbek” MCHJ rahbari Iskandar Doʻsjanovga yuzlandik.
– Tuman hokimligi zamonaviy issiqxona, mahsulotni saqlash uchun muzlatgich qurishim uchun 5 gektar yer maydoni ajratdi. Ishlab chiqilgan loyihaga koʻra 7,5 milliard soʻm mablagʻ kerak. 500 million soʻmini oʻz hisobimdan, qolgan 7 milliard soʻmni bank krediti asosida shakllantirmoqchi edim. “Mikrokreditbank” AKB Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy filialiga murojaat qildim. Ikkita bino va bitta “Malibu” rusumidagi avtomashinamni garovga qoʻydim. Bank vakillari garov miqdori kamligi, buning ustiga hozir bankda resurs yoʻqligini aytishdi. Mana oradan toʻrt oy oʻtib ketdi. Muammo esa muammoligicha qolib ketmoqda, – dedi tadbirkor Iskandar Doʻstjanov.
Biz ikkinchi tomonni ham eshitish uchun bank xodimi bilan uchrashdik. Dastlab tadbirkor va bank vakili oʻzaro muloqot qildi. Ular kelishib olishi va masala ijobiy hal etilishi uzoqqa choʻzilmadi.
– “Ayziya Diyarbek” MCHJ rahbari rostdan ham toʻrt oy avval 2 gektar yerga zamonaviy issiqxona qurish maqsadida bankdan 7 milliard soʻm kredit olish uchun ariza bilan murojaat qilgandi. Unga mazkur mablagʻni ajratishga toʻsqinlik qiluvchi maʼlum sabablar bor edi. Oxiri tadbirkor bilan kelishib oldik. Birinchi bosqichda 4 milliard soʻm, ikkinchi bosqichda esa 3 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Mablagʻ 5 yil muddatga, bir yil imtiyozli davr bilan ajratiladi. Tadbirkor birinchi bosqichda berilgan pulga issiqxona qurib, qolgan 3 milliard soʻmni ana shu issiqxonani garovga qoʻyib oladi, – dedi “Mikrokreditbank” AKB Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy filiali amaliyot boʻlimi boshligʻi Nurxasin Abdirasulev.
Yana bir zamonaviy issiqxona qurmoqchi boʻlgan tadbirkor –“Jaqsi tarbiya” MCHJ rahbari “Xalq banki” AKB Nukus tumani filialidan 1 million dollar kredit soʻragan.
“Xalq banki” AKB Nukus tumani filiali rahbari Pushkin Safarniyozovning taʼkidlashicha, hozircha bankda resurs yoʻq. Resurs boʻlishi bilan tadbirkorga kredit mablagʻi ajratiladi. Qolgan tadbirkorlar va banklar bilan koʻrishishning imkoni boʻlmadi. Oʻylaymizki, bu muammo tez kunlarda ijobiy hal etiladi.
Nukusda baliqchilik sohasida ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Uzoq yillar Qoraqalpogʻistonda baliqchilikni rivojlantirishga xizmat qilgan Kallibek Primbetov “Nukus baliq” korxonasi tugatilgach, sohani mustaqil rivojlantirishga qaror qildi. Nukus tumani yopiq suv aylanma tizimi havzalarida baliq yetishtirishga qaratilgan yirik korxona ishga tushdi.
Mazkur “Nukus agro fish” MCHJ tomonidan yopiq suv taʼminoti tizimi texnologiyasi asosida baliq yetishtirishga moʻljallangan yirik majmuada yiliga 300 tonna baliqni isteʼmolchilarga yetkazib berish nazarda tutilgan. Keng binodagi betonli vannalar Afrika laqqa baliqlarining oʻsishiga qarab qurilgan. Bu yerda 30 dona kichikroq vannalardan iborat inkubatsiya boʻlimi va 24 dona hovuzdan iborat ulgʻaygan baliqlar boʻlimi mavjud.
– Barcha havzalar bir-biri bilan yopiq suv taʼminoti tizimida bogʻlangan, unda suv doim aylanib turadi. Artezian quduqlardan olinadigan suv vaqti-vaqti bilan yangilab boriladi. Almashish paytida suv biofiltr orqali tozalanadi. Havzadagi suv nasos va ventilyator yordamida kislorod bilan taʼminlanadi. Suvni tozalash uchun biobakterialardan foydalaniladi.
Suv doimo havo bilan toʻyingan boʻlishi uchun 10-15 foiz yangilanadi. Yopiq suv tizimi atrof-muhit taʼsiridan xoli boʻlgani sababli, yil boʻyi yuqori hosildorlikka erishish imkonini beradi. Ushbu texnologiya orqali suvni sezilarli iqtisod qilishga ham erishiladi. Ushbu majmuada faqat Afrika laqqasi boqiladi. Baliq ozuqa tanlamasligi sababli qisqa vaqt ichida yaxshi vazn yigʻadi. Tirik va muzlatilgan Afrika laqqasiga ichki bozorda talab yuqori.
Kelajakda tayyor mahsulot sifatida eksport qilmoqchimiz. Bugungi kunda 4 ta baliq korxonasi Rossiyaga baliq mahsulotlarini eksport qiladi. Biz ham xorijiy davlatlarga muzlatilgan baliqlarni eksport qilmoqchimiz. Rossiyadagi Oʻzbekiston elchixonasi bilan bogʻlandik. Ular bizga yordam bermoqchi, – deydi “Nukus agro fish” MCHJ korxonasi direktori Kallibek Primbetov.
Korxona oʻz faoliyatini 2019-yilning mart oyida boshlaganiga qaramay, ayni paytda Qoraqalpogʻistonning yetakchi korxonalari safidan joy oldi. Bu yerda 20 ish oʻrni yaratilgan. Aholini sifatli baliq mahsulotlari bilan taʼminlash rejasiga koʻra, yopiq basseynda baliq yetishtirish, uni qayta ishlash hamda tayyor va yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda qizilmiya ildizi jahon standartlariga javob beruvchi uskunalar yordamida qayta ishlanishi natijasida olinayotgan “ekstrakt” dunyo bozorida xaridorgirligi bilan mamlakatimizning eksport salohiyati oʻsishida katta omil boʻlmoqda. Nukus tumanida qizilmiya ildizidan tabobat va kosmetologiyada keng qoʻllaniladigan ekstrakt ishlab chiqariladi va xitoy bozorlariga eksport qilinadi.
– Qizilmiya ildizini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonamiz 2019-yilda ishga tushgan. Buning uchun xitoylik investorlar tomonidan 400 ming dollar investitsiya kiritilgan. Korxonaning barcha uskunalari Xitoydan olib kelingan. Korxonada ikki smenada 68 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Qizilmiya ildizi mahalliy fermerlardan xarid qilinib, dekabr, yanvar oylarida 200 ga yaqin mavsumiy ishchi jalb qilingan holda terib olinadi. Bir nechta bosqichdan soʻng qizilmiya ekstrakti olinadi.
Dastlab qizilmiya ildizi maydalanadi, keyin suv bilan bir necha marta yuviladi. Natijada qizilmiya ildizidan shirasi ajratib chiqadi. Tayyor ekstrakt maxsus bokslarga quritiladi. “Qizilmiya ildizi ekstrakti” mahsulotining bir kilogrammi 5 dollardan baholanib, yuz foiz Xitoyga eksport qilinadi. Bir yilda 150 tonna mahsulot olinishi belgilangan. Joriy yilda bu koʻrsatgichni 200 tonnaga yetkazmoqchimiz. 150 gektar yer maydoni qizilmiya plantatsiyasi uchun tayyorlanmoqda, – dedi “Nukus ekoplant extract” MCHJ ish boshqaruvchisi Qurbonboy Xolbekov.
X.Qodirov, OʻzA