FHDYOlarda kutilayotgan oʻzgarishlar

FHDYO (ZAGS) organlari – har bir inson hayotidagi eng muhim hujjatlarni taqdim etuvchi, quvonchli va qaygʻuli onlarda xizmat qiluvchi idora hisoblanadi.
Joriy yilning 1-aprelidan mazkur tashkilot Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtgach, sohada bir muncha oʻzgarishlarga start berilishi kutilayotgandi.
Kuni-kecha Hukumat tomonidan FHDYO sohasiga oid yaxshilanish ishlari amalga oshirilishi belgilangan qaror tasdiqlandi.
Xoʻsh, bizni nima oʻzgarishlar kutmoqda?
Davlat xizmatlari agentligi oʻz saflarini salohiyatli kadrlar bilan toʻldirishga harakat qiladi. Chunki sifatli va xalq ishonchini qozona oladigan xizmatlarni faqatgina vijdonli va mehnatsevar jamoa bilan erishish mumkin.
Shu bois ham, tasarrufiga FHDYO sohasini qabul qilgan DXA, birinchi navbatda tizimda faoliyat yurituvchi xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish ishlarini boshladi. Eʼtiborlisi, shaffoflikni taʼminlash uchun ushbu sinovlar Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan oʻtkazilib, tizimda yuqori tajribali kadrlar qolishi taʼminlanadi.
Bundan tashqari, endilikda FHDYO organlarida texnik xodim boʻlib hisoblanuvchi arxivarius lavozimi tugatilib, boshqaruvchi hisoblanmish 1 va 2-toifali inspektor lavozimlari joriy etiladi. Yaʼni, sohaga tegishli maʼlumotga ega, tashabbuskor, malakali kadrlar jalb qilinadi.
Barchaga ayon, korrupsiya holatlarini oldini olish uchun, avvalambor xodimlarga munosib ish sharoitini yaratib, qilgan mehnatiga adolatli haq toʻlanishi lozim. Chunki yaxshi maosh olgan xodim, vazifasini sidqidildan bajarishga harakat qiladi. Soʻnggina nazoratni kuchaytirish lozim. Bu borada “ZAGS” xodimlari mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari boʻyicha Agentlikning hududiy boshqarmalari boʻlimlari xodimlariga tenglashtiriladi.
Bu bilan FHDYO xodimlari oylik ish haqlari oʻrta hisobda 3 baravarga oshishi, FHDYO organi mudirasi ish haqi 5 mln. soʻmga (1,5 mln. soʻm boʻlgan), 1 va 2-toifali inspektorlar ish haqi 3,2-3,5 mln. soʻmga yetishi (1,2-1,3 mln. soʻm boʻlgan) koʻzda tutilmoqda.
Adolatni taʼminlash uchun FHDYO boʻlimlari va nikoh uylari mudirlari, inspektorlari hokimliklar tizimidagi ishlagan davri koʻp yil ishlaganligi uchun ustamalar toʻlash hamda martaba darajalari olishga zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi. Shu bilan birga, ularga qoʻyiladigan talablar ham shunga yarasha boʻladi.
Xoʻp, xodimlarga qulayliklar yaratildi, aholiga-chi? Aholiga nima naf?
Ushbu yoʻnalishda ham ancha oʻzgarishlar kutilmoqda. Misol uchun, endilikda FHDYO organlarini tugʻilish, oʻlim, nikoh va ajrim toʻgʻrisidagi gerbli guvohnomalari bilan Davlat xizmatlari agentligining buyurtmalariga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼminlash tartibi joriy etilmoqda.
Yaʼni “ZAGS” va Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalariga tegishli gerbli guvohnomalar yana-da tezkorroq yetkaziladi.
Navbatdagi qulaylik, tugʻilganlik haqidagi guvohnomasini oʻz vaqtida olmaganlar uchun qiziq boʻladi.
Ilgari 16 yoshdan oshgan, tugʻilishi qayd etilmagan shaxslarning tugʻilganligini qayd etish faqat sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshirilar edi. Endi esa tegishli tibbiy maʼlumotnoma mavjud boʻlsa, uning tugʻilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga koʻra FHDYO organi tomonidan qayd etiladi.
Qaror bilan, shuningdek bir qator hujjatlarni olish tartibi soddalashtirildi. Masalan, fuqarolik holatlari, jumladan, nikoh yoki tugʻilganlikni qayd etish endilikda gerbli guvohnomalar taqdim etilgandagina emas, balki, FHDYO arxivi maʼlumotnomalari asosida ham amalga oshirilishi imkonini beradi. Bu esa fuqarolarning naqdi va vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Byurokratiya ham kamayadi!
Bola tugʻilganda beriladigan suyunchi puli, dafn marosimi uchun bir marotabalik nafaqa pullarini olish uchun maʼlumotlar endi qoʻlma-qoʻl fuqarolarga berilmasdan, Pensiya jamgʻarmasiga maxsus elektron tizim orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yuboriladi.
Endilikda nikohlanuvchilarga qoʻshfamiliyalikka ruxsat etiladi. Masalan, kuyov Ahmedov kelin Shuhratova boʻlsa, shunda kuyov Ahmedov-Shuhratov, kelin esa Ahmedova-Shuhratova boʻlishi mumkin.
“FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritilayotgan maʼlumotlarning toʻgʻri va aktualligi doimiy ravishda tekshirib boriladi. Buning uchun FHDYO organlari xodimlari arxivdagi mavjud hujjatlarni elektron tizimga kiritilgan maʼlumotlar bilan solishtirish orqali nazorat qiladi.

 

OʻzA