Maʼlumki, ushbu davr – “Yangi Oʻzbekiston”, “Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi” degan nomlar bilan Vatanimiz tarixida, jahon hamjamiyati bilan munosabatlarimiz silsilasida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelmoqda. Bu davr – Oʻzbekistonni, jamiyatimiz hayotidagi siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarni butunlay oʻzgartirgan, mamlakatimizni yangi, demokratik qiyofada jumlai jahonga tanitgan davrdir.
Bu haqda yurtimiz fuqarolari, ekspertlar guruhlari bilan birga, dunyo siyosatida yetakchi oʻrin tutadigan davlat va jamoat arboblari, atoqli olimlar va tahlilchilar tomonidan ham koʻplab ijobiy fikrlar bildirilmoqda, eng yuksak eʼtirof va baholar aytilmoqda.
Mamlakatimiz kitobxonlariga taqdim etilayotgan mazkur toʻplamning eng muhim xususiyati shundaki, unda keyingi yillarda Oʻzbekistonda kechayotgan shiddatli va keng koʻlamli hayotiy jarayonlar tarixiy hujjatlar, fakt va raqamlar, aniq dalillar orqali aks ettiriladi.
Koʻhna tarix shundan dalolat beradiki, bu hayotda yangilik qilish, koʻpchilik odamlar oʻrganib, koʻnikib qolgan eskicha qolip va andozalarni oʻzgartirish hech qachon oson kechmaydi. Istaymizmi, yoʻqmi, bunday harakat har qanday sharoitda ham ochiq yoki pinhona toʻsiqlarga duch keladi. Ayniqsa, xalqni uygʻotish, mudroq qalblarga hayotbaxsh yangi nafas olib kirish, davlat va jamiyat boshqaruvini butunlay yangilash masalasi islohotchi boʻlib maydonga chiqishdek buyuk missiyani oʻz zimmasiga olgan yetakchi shaxsdan yana-da ulkan masʼuliyat, jasorat va donishmandlikni talab etadi.
Ushbu toʻplam ana shunday oʻta murakkab va mashaqqatli, tarixiy zaruratga aylangan jarayonlar yangi Oʻzbekiston hayotida qanday borayotgani haqida toʻliq maʼlumot beradi. “Oʻzbekiston” degan ulkan kemani yangi taraqqiyot ufqlari sari boshlash, siyosatshunoslar iborasi bilan aytganda, davlat va jamiyat boshqaruvida tarixiy burilish yasash Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qanday amalga oshirilayotgani kitobda aniq tizim asosida kunma-kun, oyma-oy yoritilgan.
Odatda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz borganda, davlatimiz rahbari kamtarlik bilan “Biz hali izlanishdamiz, oʻrganishdamiz”, deb bu yoʻlda oldimizda bir-biridan muhim va dolzarb vazifalar turganini taʼkidlaydi. Chindan ham, hozirgi vaqtda yurtimizda mamlakat yetakchisidan tortib barcha boʻgʻindagi rahbarlar yangicha sharoit, yangicha muhitda ishlashga, izlanib, oʻrganib, xalq bilan muntazam muloqot asosida faoliyat yuritishga intilmoqda.
Ayniqsa, butun dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmagan koronavirus pandemiyasi sharoitida ushbu trend – ustuvor holat yana-da yaqqol namoyon boʻlmoqda. Ana shu xususiyat Oʻzbekistonda keng koʻlamli oʻzgarishlar muvaffaqiyatini taʼminlayotgan muhim omillardan biri boʻlayotganini nufuzli xalqaro ekspert va tahlilchilar ham eʼtirof etmoqda.
Shu maʼnoda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda yangi, demokratik islohotlarni boshlashda eng maqbul yoʻl tanlandi va u hayotda qisqa muddatda oʻzini toʻla oqladi, deb aytishga bugun barcha asoslar bor.
Avvalo, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash davlat siyosatining bosh mezoni etib belgilandi.
Ikkinchidan, mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik asosida faol munosabatlar oʻrnatish tashqi siyosat sohasidagi ustuvor tamoyil, deb eʼlon qilindi.
Uchinchidan, dunyoga ochiq boʻlish, umumeʼtirof etilgan demokratik prinsiplarni amalda joriy etish jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorlikning asosiy yoʻnalishi sifatida qabul qilindi.
Hozirgi vaqtda milliy taraqqiyotimizning bosh hujjati boʻlib xizmat qilayotgan, mamlakatimizni 2017–2021-yillarda beshta ustuvor yoʻnalishda rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida aynan ana shu tamoyillar eng muhim qoidalar sifatida aks ettirildi. Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinlik va manfaatlarini amalda taʼminlash, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirish, tashqi siyosat sohasida Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik va hamkorlik ruhini kuchaytirish, dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga kirish yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.
Albatta, 34 millionlik aholiga ega boʻlgan, oʻtgan davrda koʻplab muammolar toʻplanib qolgan mamlakatning taqdiri va kelajagini belgilash borasida toʻgʻri yoʻl tanlash – bu davlat rahbaridan ulkan aql-zakovat, bilim va tajriba, mustahkam iroda, jasorat va azmu shijoatni talab etadi. Ayni vaqtda tanlangan rivojlanish yoʻlini ijtimoiy institutlar, taʼsirchan mexanizmlar orqali hayotga tatbiq etish, odamlarni islohotlarning maqsadi va natijasiga ishontirish, butun jamiyatni ruhlantirib, ulugʻ maqsadlar sari safarbar eta olish – yana-da murakkab vazifa, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
Ana shunday oʻta mashaqqatli vazifani amalga oshirishda Shavkat Mirziyoyev xalqning oʻziga tayandi – fuqarolar bilan doimiy muloqot olib borib, har bir soha va tarmoq boʻyicha bevosita uchrashuvlar, maslahat va fikr almashuvlar oʻtkazib, mavjud muammolarning samarali yechimini topmoqda. Bu murakkab ijtimoiy voqea-hodisalarning qanchalik shiddat bilan kechayotganini ushbu toʻplamdan oʻrin olgan serqirra jarayonlar yaqqol tasdiqlaydi.
2016-yil sentyabr oyidan buyon 2020-yil yanvar oyiga qadar oʻtgan vaqt misolida oladigan boʻlsak, Prezidentimiz tomonidan mamlakat hududlariga 129-marta safar uyushtirilgani, 69 ta videoselektor yigʻilishlari, eng muhim va ustuvor masalalar boʻyicha 112 ta yigʻilish va muhokamalar oʻtkazilganini koʻramiz. Ana shu qisqa fursatda davlatimiz rahbari tomonidan 194 ta qonun, 1106 ta farmon, 1974 ta qaror, 933 ta farmoyish tasdiqlanganini ham qayd etish lozim.
Shu davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev 40-marta chet davlatlarga rasmiy tashrif buyurdi, 24 ta xalqaro sammit va anjumanlarda ishtirok etib, ularning doirasida 60 ta uchrashuv oʻtkazdi. Bundan tashqari, xorijiy davlat va hukumat rahbarlari boshchiligidagi 39 ta nufuzli rasmiy delegatsiya yurtimizda qabul qilindi. Shuningdek, vazirlar, xalqaro tashkilot va kompaniyalar, xorijiy ishbilarmon doiralar rahbarlari boshchiligidagi 166 ta delegatsiya bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Shu vaqt mobaynida chet davlatlarning yurtimizda ish boshlagan favqulodda va muxtor elchilaridan 32 nafaridan ishonch yorliqlari qabul qilib olingan, xorijiy davlat va hukumat boshliqlari, xalqaro tashkilot rahbarlariga 1858 ta maktub yoʻllangan. Shu oʻrinda xorijiy davlatlar rahbarlari bilan 113-marta telefon orqali muloqotlar oʻtkazilganini ham taʼkidlash joiz.
Prezidentimiz shu yillar davomida yurtimizda boʻlib oʻtgan 53 ta tantanali marosimda ishtirok etib nutq soʻzlagan, shuningdek, xalqimiz va turli soha vakillariga 79 ta tabrik va qutlovlar yoʻllagan.
Bularning barchasi Oʻzbekiston oʻz milliy taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻygan keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan siyosiy-ijtimoiy makonda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar keng koʻlam kasb etib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yoʻlida tunu kun tinim bilmasdan, bor bilim va tajriba, kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotgani hamda bu jarayon tobora kuchayib, yangi sifat bosqichiga koʻtarilib borayotganidan dalolat beradi.
Agar davlat ahamiyatiga molik birgina hujjatni ishlab chiqish va qabul qilish, biron-bir rasmiy tadbirni oʻtkazish qanday katta tayyorgarlikni, maʼnaviy-intellektual, ruhiy safarbarlikni, keng koʻlamli tashkiliy-amaliy ishlarni talab etishini inobatga oladigan boʻlsak, yuqorida qayd etib oʻtilgan raqamlar zamirida tinimsiz izlanish va mehnat, chuqur tahlil, kelajakni oldindan koʻra bilish salohiyati mujassam ekanini anglash mumkin.
Taʼkidlash kerakki, mazkur toʻplamdan oʻrin olgan voqealar xronikasi, qizgʻin va bunyodkor jarayonlar zanjiri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarish va islohotlar oʻtgan vaqt davomida amaliy samaradorlik bilan rivojlanib, ortga qaytmaydigan muqarrar tus olganini ham yaqqol namoyon etadi.
Shu maʼnoda, tarixiy jarayonlarning qaynoq izlarini oʻzida mujassam etgan ushbu toʻplam mard va olijanob xalqimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keyingi yillarda qanday ogʻir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli rivojlanish yoʻlini bosib oʻtayotganini, oʻz kuchi, oʻz salohiyati bilan yangi Oʻzbekiston davlatini barpo etayotganini bamisoli koʻzgudek yorqin aks ettiradi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu kitobni yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot solnomasi, deb atash mumkin.
Toʻplam boshqaruv sohasi xodimlari, akademik doiralar, siyosatshunos va sotsiologlar, tahlilchi va ekspertlar, tadqiqotchi va talabalar, muxtasar aytganda, Oʻzbekistonning eng yangi tarixi bilan qiziqadigan barcha kishilar uchun moʻljallangan.
Ushbu kitob bilan tanishar ekan, yurtimizda yashaydigan har bir inson oʻz hayoti, oilasi, farzandlari, el-yurti taqdiriga daxldor voqea-hodisalar, hujjatlar mazmunidan atroflicha xabardor boʻladi va zamonamiz tarixi haqiqatan ham barchamizning koʻz oʻngimizda, aynan bizning ishtirokimizda yaratilayotganini chin dildan his etadi.