Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin dildan tabriklab, samimiy qutlov va ezgu tilaklarni yoʻllagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, turli kasb egalari boʻlgan barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorligimni izhor etaman.
Mening shaʼnimga bildirilgan, men uchun gʻoyat qadrli boʻlgan ushbu tabrik va tilaklarni, avvalambor, Oʻzbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, mamlakatimizning bugungi va ertangi kuniga boʻlgan ishonch ifodasi sifatida qabul qilaman.
Fursatdan foydalanib, mehnatsevar, bagʻrikeng va olijanob xalqimizga yana bir bor chin qalbimdan farzandlik mehrimni va hurmatimni bildiraman.
Koʻpmillatli xalqimiz bilan birga bugungi murakkab sinovlardan munosib oʻtib, jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqi va el-yurtimiz farovonligi yoʻlida oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlarga albatta yetamiz, deb ishonaman.
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti