O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti direktori, akademik Shavkat Solihov ilm-fan sohasida qo‘lga kiritgan katta yutuqlari uchun Xitoy Fanlar akademiyasining xorijiy a’zoligiga saylandi.
Xitoy Fanlar akademiyasi prezidenti Bay Chunlining o‘zbekistonlik olimga yo‘llagan maktubida shunday jumlalar bor: «Men Xitoy Fanlar akademiyasi va XXR FA akademik idoralar Prezidiumi prezidenti sifatida shuni quvonch bilan ma’lum qilamanki, siz 2017-yil 10-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda ilmiy yutuqlaringiz va Xitoyda ilm-fan va texnologiyalar rivojiga qo‘shgan hissangiz uchun XXR FA xorijiy a’zoligiga saylandingiz».
Shavkat Solihov rahbarligida biologik faol birikmalarni ajratish va ularning tuzilishini va amalga oshiradigan mexanizmini o‘rganish asosida o‘ndan ortiq original dori vositasi ishlab chiqarilgan. Bu tadqiqotlar natijasida virus va yallig‘lanishga qarshi, qon to‘xtatuvchi ta’sirga ega preparatlar bugungi kunda tibbiy amaliyotda keng qo‘llanilmoqda.
O‘zbek olimining muvaffaqiyati mamlakatimiz ilm-fani salohiyati xalqaro darajada yuksak baholanayotganining yorqin ifodasidir. Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari amalga oshirayotgan tadqiqotlar saviyasini yuksaltirish, bu jarayonda iqtidorli yoshlarning faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan e’tibori bunday yutuqlar ko‘lamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu yil Xitoy Fanlar akademiyasiga sakkiz mamlakatdan 16 olim saylangan. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindorlari, Manchester universiteti professori Andriy Geym (Buyuk Britaniya) va Shimoli-G‘arbiy universitet professori Jeyms Freyzer Stoddart (AQSh) ham bor.