Ish xamirdan qil sugʻurgandek kechayotgan edi. Hatto Jizzax viloyati Doʻstlik tumanida “Green Card” yutgan qiz topilib, uning roziligi bilan 2018-yilning 25-iyul kuni M.Fayziyev bilan nikoh toʻyi ham boʻlib oʻtadi.
Ammo yoʻli buzuqning yoqasi yirtiq emasmi, A.Xudayorovning firibgarlik ortidan boyish orzusi chippakka chiqdi. 2018-yilning sentyabr oyida AQSH elchixonasidan rad javob olgan M.Fayziyevning otasi undan pullarini qaytarib berishni talab qildi. Zoʻrgʻa 1000 dollar pulni qaytargan firibgarning qolgan pulni bera olmasligi maʼlum boʻldi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Payariq tuman sudining yaqinda oʻtgan ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi atroflicha koʻrib chiqildi. A.Xudayorov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyat sudining 2020-yil 21-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining “b” bandi boʻyicha tayinlanib, oʻtalmay qolgan jazo mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga qisman qoʻshilib, uzil kesil oʻtash uchun 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Xalqimiz “Qingʻirlik – tiriklik goʻri, egrilik – umrning shoʻri” deydi. Mana shu purmaʼno soʻzlardan xulosa chiqarmagan har kimki, vaqti kelib oʻz qilmishining jazosini tortadi.
Shu oʻrinda mana shu kimsaga oʻxshagan firibgarlarning tegirmoniga suv quyadigan kishilar haliyam borligidan taajjubga tushasan, kishi. Ota-bobolarimiz kelin tanlashda quda tomonning yetti pushti bilan bekorga qiziqmagan, axir. Amerikaga chiptasi bor qizlarning nasl-nasabini surishtirmay “bor baraka” qilish, hali jismi-yu joni, ong-u qarashi murgʻak yoshlarning umrini pulga chaqish hech qaysi mezonlarga toʻgʻri kelmaydi. Moddiy ahvolini boʻlajak kelinning mavqei yoki boyligi evaziga tiklashga urinayotganlar keyinchalik mana shu yigitning “uddaburon” otasidek boshini changallab qolmaydi, deb kim ayta oladi?! Bundaylarga qarata, “Qars ikki qoʻldan chiqadi”, duch kelgan odamga koʻr-koʻrona ishonib, ogʻzingizdagi oshni oldirmang, deging keladi beixtiyor.