Koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish uchun hozirgacha 9,5 milliard dollar yigʻildi

“Xovar” axborot agentligining yozishicha, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen koronavirusga qarshi vaksina yaratish uchun hozirgacha 9,5 milliard dollar yigʻilgani haqida maʼlum qilgan.
“Ajoyib natija, biz “Global javob” deb nomlangan marafonning birinchi yirik davonidan oʻtdik”, — deb yozdi u oʻzining Twitterdagi mikroblogida.
Fon der Lyayen 4-mayda donorlarning xalqaro onlayn-konferensiyasini tashkillashtirgan edi. Birinchi bosqichda 7,4 milliard dollar toʻplandi, keyin xususiy shaxslar, fondlar va hukumatlar xayriya tadbirlarini davom ettirishdi.
Ushbu tashabbusdan koʻzlangan maqsad koronavirusga qarshi vaksina va dori-darmon ishlab chiqarish uchun olib boriladigan tadqiqotlarni global darajada muvofiqlashtirishdan iborat. Vaksina va dori–darmonlar tayyor boʻlishi bilanoq, ular barcha mamlakatlarga tarqatiladi.

 

OʻzA