Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Buyuk Britaniyaning 5G tarmogʻi infratuzulmasida Xitoyning Huawei kompaniyasi ishtirokidan 2023-yilgacha butunlay voz kechishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Telegraph gazetasi.
Nashrning yozishicha, Jonson kerakli idoralarga zarur choralarni koʻrish haqida allaqachon koʻrsatma bergan.
Britaniya hukumati Huaweini mamlakatning 5G tarmogʻini rivojlantirishda cheklangan tartibda ishtirok etishiga ruxsat bergan edi. Yaʼni, Xitoy kompaniyasining texnologiyasi tarmoqning milliy xavfsizlik bilan bogʻliq “nozik” qismlariga yetib bormaydi. Masalan, Xitoy kompaniyasi qurilmalari Buyuk Britaniyaning yadro obyektlarida hamda harbiy bazalarida foydalanilmaydi.
AQSH ham Huawei kompaniyasini Xitoy harbiylari va razvedkasi bilan hamkorlik qilayotganlikda, shuningdek, mijozlarni kuzatayotganlikda ayblab, boshqa mamlakatlarni 5G aloqa tarmogʻini joriy qilishda Huawei infratuzulmasi va texnikalaridan foydalanmaslikka chaqirib keladi. Xitoy kompaniyasi esa, ushbu ayblovlar asossizligi, bu bozor raqobati tamoyillariga zid ekanini taʼkidlamoqda.
Huawei 2019-yil may oyidan boshlab AQSHning qora roʻyxatiga kiritilgan.
OʻzA