Nigeriya qurolli kuchlari “Boko Xaram” jangarilari garovda ushlab turgan kamida 72 kishini ozod qilishga muvaffaq boʻldi, deb xabar beradi Sinxua axborot agentligi.
Xabarda taʼkidlanishicha, qutqarilganlarning koʻpchiligi ayollar va bolalar. Ular mamlakat shimoli-sharqidagi Borno shtatida olib borilgan harbiy amaliyot natijasida ozod qilingan. Harbiy harakatlar davomida “Boko Xaram” guruhining 18 aʼzosi yoʻq qilingan. Ularning qurol-yarogʻlari, terrorchilarga yordam koʻrsatib kelayotgan shaxslar qoʻlga olingan.
Nigeriyada “Boko Xaram“ radikal islom guruhi faoliyat olib boradi. Ular oʻzlarini “Islom davlatining gʻarbiy Afrika viloyati“, deb ham ataydi. Jangarilar mamlakatdagi gʻarbcha tuzumga qarshi chiqib, shariat tartiblari joriy qilinishini talab qilib kelmoqda.
OʻzA