Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Global miqyosda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha men eʼlon qilgan daʼvatni qoʻllab-quvvatlab yoʻllagan maktubingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ushbu daʼvat butun dunyo boʻylab davlat va hukumat rahbarlari tomonidan, shuningdek, mintaqaviy sheriklar, fuqarolik jamiyati va din rahbarlari tomonidan ijobiy qabul qilingani meni ruhlantirdi. Eng muhimi, ushbu daʼvatga bir qator oʻzaro nizolashayotgan tomonlar boshlangʻich ijobiy munosabat bildirdi.
Mojarolardan nomutanosib jabr koʻrgan va pandemiya oldida yana-da zaif boʻlib qolganlar uchun men hali ham xavotirdaman, tinch aholi, ayniqsa xotin-qizlar, bolalar va marginal guruhlarni himoya qilish uchun barchamiz masʼul ekanimizni hamisha taʼkidlayman. Shu munosabat bilan Siz rahbarlik qilayotgan mamlakatning mintaqada jabr koʻrgan davlatlarga, shu jumladan Afgʻoniston Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari uchun gʻoyat minnatdorman.
Sizning Hukumatingiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida virusning tarqalishini jilovlash, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilgan qatʼiy choralarni yuksak baholayman. Hukumatingiz va rezident-koordinator boshchiligida BMTning Mamlakat guruhi oʻrtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekani meni ruhlantiradi.
BMT qarama-qarshi tomonlar ezgu niyatlari yoki oʻt ochishni vaqtincha toʻxtatish toʻgʻrisidagi bayonotlardan urushni yakunlashga, uzoq muddatli siyosiy yechimlar va barqaror tinchlikka erishishga oʻtishiga koʻmaklashish uchun barcha hukumat muassasalari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. Siz saʼy-harakatlarimizni qoʻllab-quvvatlashda davom etasiz, deb umid qilaman.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida toʻgʻon yorilgani toʻgʻrisidagi xabarni chuqur qaygʻu bilan qabul qilganimni taʼkidlashni istardim. Uning oqibatidagi suv toshqinidan jabrlangan Oʻzbekiston xalqi va qoʻshni Qozogʻiston xalqiga hamdardlik bildiraman. Muhtoj odamlarga yordam koʻrsatishda Oʻzbekiston va Qozogʻiston hukumatlari yaqindan oʻzaro hamkorlik qilayotganini yuksak baholayman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Eng ezgu tilaklar ila,
Antoniu Guterrish
BMT Bosh kotibi
O’zA