Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-mart kuni xalq taʼlimi tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq mamlakatda kadrlar muammosi mavjudligini, barcha sohalarga islohotlar surʼatiga mos zamonaviy mutaxassislar kerakligini aytgan edi.
Shu maqsadda butun taʼlim tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. Maktabgacha taʼlim rivojlantirilayotgani maktab saboqlariga puxta zamin boʻlmoqda. Umumiy oʻrta taʼlim sifati ilgʻor xalqaro tajriba va zamon talablari asosida yuksaltirilmoqda.
Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda 160 dan ortiq umumtaʼlim maktabi qurildi. Undan tashqari, Prezident maktablari, buyuk allomalarimiz nomi bilan ataladigan ixtisoslashtirilgan maktablar, ijod maktablari, Temurbeklar maktablari kabi zamonaviy va innovatsion taʼlim maskanlari tashkil etildi.
Shuningdek, oxirgi 3 yilda oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq hududlarga borib ishlaydigan pedagoglar mehnatini qoʻshimcha ragʻbatlantirish joriy etildi.
2019-yil 26-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2021-yilgacha maktablarning kamida 3 foizi, 2025-yilgacha 20 foizi, 2030-yilga qadar esa 50 foizini “Zamonaviy maktab”larga aylantirishning asosiy parametrlari belgilandi.
Bularning barchasi oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan keng qamrovli islohotlarning ilk bosqichi edi.
Prezidentimiz shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomada maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligini taʼkidladi. Maktablar moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash, oʻquv-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha vazifalarni belgilab berdi.
Bugungi yigʻilishda yangi turdagi maktablarni barpo etish, avvalgilarini bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirish, oʻqituvchilarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Hozirgi kunda 9 ming 942 ta maktabning 2 ming 835 tasi taʼmirtalab. 5 ming 861 tasida oʻquvchilar soni sigʻimiga nisbatan koʻpligi sababli darslar 2 smenada oʻtilmoqda. Joriy yilda 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasining kapital taʼmirlanishi belgilangan.
Qurilish vazirligiga maktablarni zamonaviy arxitektura yechimlari asosida, energiya tejovchi va ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda barpo etish vazifasi qoʻyildi.
Maʼlumki, laboratoriyadagi amaliy mashgʻulotlar taʼlim sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mashgʻulotda olingan bilimning samarasi bir necha karra yuqori boʻladi.
Lekin bugun maktablardagi 683 ta fizika, 897 ta kimyo, 901 ta biologiya xonasida oʻquv laboratoriyalar yoʻq. 7 ming 807 ta fizika, 7 ming 776 ta kimyo va 7 ming 770 ta biologiya xonasining jihozlari eskirgan. 62 mingta sinf xonasi zamonaviy va yangi oʻquv jihozlari bilan taʼminlanmagan, 7 mingta kompyuter yetishmaydi.
Shuning uchun, maktablardagi laboratoriyalarni zamonaviy jihozlash va ulardagi darslar koʻlamini oshirish talab etiladi.
Xalq taʼlimi vazirligi hamda Moliya vazirligiga amaldagi jihozlash holatini tanqidiy oʻrganib, maktablarni zamonaviy laboratoriya, kompyuter texnikasi, sport anjomlari va boshqa zarur vositalar bilan jihozlash boʻyicha topshiriq berildi.
Aniq fanlarni oʻqitishda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish hamda interaktiv mashgʻulotlarga eʼtiborni kuchaytirish kerakligi taʼkidlandi.
Yurtimizda matematika, kimyo, fizika va biologiya darslarining 10 foizigina amaliy mashgʻulotlarga ajratilgan. Rivojlangan davlatlarda bu koʻrsatkich 30-50 foizni tashkil etadi.
Shu bois Xalq taʼlimi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga oʻquv dasturlarida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, aniq fanlarda amaliy mashgʻulotlar koʻlamini oshirish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda pedagog kadrlarning bilim va malakasini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻtgan yili attestatsiyada ishtirok etgan qariyb 57 ming nafar oʻqituvchidan 43 foizi past baho olgani, respublika boʻyicha muallimlarning attestatsiya natijalaridagi oʻrtacha koʻrsatkichi 100 ballik baholash tizimida 64 ballni tashkil qilgani aytib oʻtildi.
Pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, metodik taʼminotni yangicha tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bolalarni yoshligidan maʼnan va jismonan yetuk shaxs etib tarbiyalash maqsadida maktablarni badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, ayniqsa, boshlangʻich sinflarda musiqa, tasviriy sanʼat va jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga yangi mazmun berish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.