Senat yalpi majlisi oldidan qonunlar muhokama qilinmoqda

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qoʻmitasi ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Senatning ikkinchi yalpi majlisi doirasida koʻrib chiqish nazarda tutilgan qonunlar ishchi guruh aʼzolari tomonidan muhokama etildi.

“Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi.

Xalqaro arbitraj bozor iqtisodiyotiga oid munosabatlarning asosiy omillaridan biri boʻlib, tijorat nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatdan yangi qonun Oʻzbekiston Respublikasida arbitraj sudlarning faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, yurtimizdagi xorijiy investorlar, milliy kompaniyalarning chet ellik hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarida huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashni taʼminlaydi. Nizolarni koʻrishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sarf-xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etishni ham nazarda tutadi.

Ekspertlar qayd etganidek, mazkur hujjat toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonun boʻlganligi, shuningdek, u bilan arbitraj muhokamasining barcha masalalarini tartibga solish nazarda tutilganligi sababli qonunosti hujjatlar ishlab chiqish zarurati yoʻq.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA