Islom Abdugʻaniyevich Karimov 1938-yil 30-yanvarda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan. Maʼlumoti — oliy. Oʻrta Osiyo Politexnika va Toshkent Xalq xoʻjaligi institutlarini tugatgan. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega. Iqtisod fanlari nomzodi.
Mehnat faoliyatini 1960-yilda Toshkent qishloq xoʻjalik mashinasozligi zavodida boshlagan.
1961-yildan 1966-yilgacha V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor boʻlib ishladi.
1966-yilda Oʻzbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga oʻtib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi oʻrinbosarigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi.
1983-yilda I.Karimov Oʻzbekiston SSR Moliya vaziri, 1986-yilda Oʻzbekiston SSR Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari, respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi.
1986-1989-yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya qoʻmitasining birinchi kotibi, 1989-yilning iyunidan boshlab Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi.
1990-yil 24-mart kuni Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida I.Karimov Oʻzbekiston SSR Prezidenti etib saylandi.
1991-yil 31-avgust kuni I.Karimov tarixiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qildi.
1991-yil 29-dekabrda muqobillik asosida oʻtkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
1995-yil 26-martda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumi yakunlariga koʻra, I.Karimovning prezidentlik vakolati 2000-yilga qadar uzaytirildi.
2000-yil 9-yanvarda muqobillik asosida oʻtgan saylov natijalariga koʻra, Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgarishlarga muvofiq, I.Karimov 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
2007-yil 23-dekabrida muqobillik asosida oʻtgan saylov natijalariga koʻra, I. Karimov 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
I.Karimov suveren va mustaqil Oʻzbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni taʼminlash ishiga qoʻshgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat koʻrsatganligi uchun “Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni, “Mustaqillik“ va “Amir Temur“ ordenlari bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan salmoqli yutuqlarni haqli ravishda I.Karimov nomi va faoliyati bilan bogʻlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov 2016-yil 2-sentyabr kuni, 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi.
U 2016-yil 3-sentyabr kuni Samarqand shahrida dafn etildi.
Qabr va yodgorlik majmuasi Samarqandda joylashgan. Toshkentda Birinchi Prezident haykali va muzeyi ochildi.
PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tugʻilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshgan va qoʻshayotgan insonlar, davlat hamda jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yoʻlida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tugʻilgan kunlari esga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qoʻshimchalaringiz boʻlsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37