Poytaxtimizda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va Rossiya Federatsiyasining “Biznes Sem” kompaniyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Sement sanoati va bozori” XV xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari Navoiy shahridagi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy shaharsozlik loyihalari asosida barpo etilayotgan turar joy binolari va inshootlar aholining turmush sharoitini yaxshilash, yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qilayotir. Ayni maqsadlar uchun qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lami va turini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Rossiya, Germaniya, Turkiya, Qozog‘iston, Italiya, Shveytsariya, Avstraliya kabi davlatlarning yetakchi kompaniya va firmalari vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari sement va boshqa turdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan yangilanishlar jarayoni, innovatsion izlanishlar samarasi bilan tanishdi.
Bugungi kunda korxonada yiliga 3,5 million tonna sement ishlab chiqarilmoqda. Bu yurtimizda ishlab chiqarilayotgan sementning 40 foizini tashkil etadi. 3 ming 500 dan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxonada 10 dan ziyod qurilish materiallari tayyorlanmoqda.
– Korxonaning ishlab chiqarish quvvati va xalqaro miqyosdagi salohiyati bilan tanishdik, – deydi Germaniyaning “Thyssenkrupp Industrial Solutions” kompaniyasi menejeri Valdemar Klassen. – Ayniqsa, sement tayyorlashda zarur xomashyo zaxiralarini qazib olishda kompaniyamiz tomonidan ishlab chiqariladigan texnikalar ayni muddao bo‘lar ekan. Uchrashuvda korxona rahbariyati bilan ushbu masalada muzokaralar olib borildi, turli takliflar muhokama etildi. O‘ylaymanki, tashrifimiz ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Ishtirokchilar korxona muzeyida bo‘lib, uning qurilish tarixi va ishlab chiqarishning bosqichma-bosqich joriy etilishi jarayoni bilan tanishdi.